Daryo

Qozog‘iston TIV rahbari “hibsga olingani”ga munosabat bildirdi (video)

Murat Nurtleu ilk bor hibsga olingani haqidagi mish-mishlarga oydinlik kiritdi. Tashqi ishlar vaziri SHHT sammitidan qaytgach ushlangani haqida xabarlar tarqalgandi.

2 daqiqa o‘qish846 ko‘rishlar0 izoh0

Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu 8-sentyabr kuni Hukumat uyida ko‘rinish berdi va o‘zining hibsga olingani haqidagi mish-mishlarga oydinlik kiritdi. Bu haqda “Tengrinews” xabar berdi.
Tashqi ishlar vaziri o‘tgan hafta odatdagiday ishda bo‘lganini ma’lum qildi. 

“Bu yolg‘on, bema’nilik. O‘ylaymanki, bahor va kuzda odamlar shunday bo‘ladi... Bunga izoh berishning ham hojati yo‘q... Mening ishchi yig‘ilishlarim bo‘lganini ko‘rdingiz, boshqa mamlakatlardagi hamkasblarim bilan telefon orqali gaplashganimdan xabardorsiz, investorlar bilan ishchi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Hammasi odatdagidek”, dedi amaldor jurnalistlarga.
​Shuningdek, tashqi ishlar vaziri huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilish-qilmasligi haqidagi savolga quyidagicha javob berdi.
“Tegishli organlar bor, kerak bo‘lsa o‘shalar shug‘ullansin. Men buni o‘z hisobimga olmoqchi emasman. Men hatto mamlakatda ham bo‘lmayman: Hukumat uyidagi murojaatnomadan so‘ng chet elga chiqishni rejalashtiryapman”, dedi u.
​

TIV rahbari hibsga olinishi haqidagi xabarlar
4-sentyabr kuni Orda.kz nashri o‘z manbalariga tayanib, tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu, tadbirkor Gaji Gajiyev va milliy xavfsizlik qo‘mitasining yuqori lavozimli xodimlari hibsga olingani haqida ma’lumot tarqaldi. Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi bu ma’lumotni rad etdi.

“Tashqi ishlar vazirining hibsga olingani haqidagi xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Biz buni jurnalistik etika va mamlakatimizning amaldagi qonunchiligini buzish deb baholaymiz”, dedi TIV rasmiy vakili Aybek Smadiyarov.

Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi ham ma’lumotni taasdiqlamadi. Ular “Yolg‘on ma’lumot tarqatganlik va tarqatishga ko‘maklashganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgani”ni eslatib o‘tdi. Orda.kz raddiyalarga javob qaytardi.

“Qozog‘iston rasmiylari va ko‘plab mahalliy ommaviy axborot vositalari tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu va tadbirkor Gajiyevning hibsga olingani haqidagi ma’lumotlarni rad etmoqda. Jinoiy javobgarlik haqida ogohlantirishlar berildi. Biz o‘z kasbiy burchimizni bajarmoqdamiz. Mustaqil manbalar bilan ishlaymiz. Bizda aniq ma’lumotlar bor: Nurtleu va Gajiyev bilan birga Milliy xavfsizlik qo‘mitasining bir necha yuqori martabali xodimlari qo‘lga olingan” deya xabar berdi Orda.kz.

Ozodlikda bo‘lgani aytilgan Murat Nurtleuning o‘zi xabarlar tarqalgan payt hech qanday munosabat bildirmagan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_moObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar