Daryo

Yuz terisi qizarib qolganida qo‘l keladigan layfxaklar

Yuz teringizni nima bezovta qilayotganini erta aniqlasangiz, qizarishni yo‘qotish ancha oson bo‘ladi

3 daqiqa o‘qish9 547 ko‘rishlar0 izoh2

Ba’zida yuzingiz shunchalik qizaradiki, go‘yo hozirgina marafonda yugurib kelgandek his qilasiz. Aslida esa faqatgina qahva ichgansiz yoki biroz asabiylashgansiz, xolos. Bunday qizarish kutilmaganda yuzaga keladi va kayfiyatni jiddiy buzishi mumkin. Maqolada bunday holatdan tezda chiqib ketish yo‘llarni va qachon shifokorga murojaat qilish kerakligini bilib olasiz.

Foto: Freepik.com

Nima sababdan teri qizaradi?

Aksariyat hollarda bu terining yallig‘lanishi yoki epidermis yuzasiga qon oqimining kuchayishi natijasida yuzaga keladi. Oqibatda teri pushti yoki qizil tus oladi.

Qizarish quyosh nuri, issiq vanna, achchiq ovqat, yangi niqob yoki oddiy stressdan keyin ham paydo bo‘lishi mumkin. Ba’zida bu oddiy organizm reaksiyasi bo‘lsa, boshqa hollarda bu jiddiy muammo belgisi bo‘lishi mumkin. Masalan: allergiya yoki surunkali kasalliklar.

Foto: Freepik.com

Agar yuzingiz tobora tez-tez qizaradigan bo‘lsa, bu holatni e’tiborsiz qoldirmang. Teringizni nima bezovta qilayotganini erta aniqlasangiz, qizarishni yo‘qotish ancha oson bo‘ladi.

Yuz qizarib ketganda nima qilish kerak?

Birinchi qoidasi — vahimaga tushmang va holatni yanada yomonlashtiradigan keskin harakatlardan saqlaning. Teringizni ishqalamang, issiq suv bilan yuvmang va darhol makiyaj vositalaridan surmang. Maqsad — qizarishni to‘xtatish hamda teriga tiklanishga yordam berish. Buning uchun bir necha samarali usul bor:

1. Sovuq kompress va namlantirish

Eng oddiy va samarali choralaridan biri — sovuq kompress. Yumshoq sochiq yoki salfetkani sovuq suvga botirib, yuzingizga 10–15 daqiqaga qo‘ying. Bu qon tomirlarini toraytiradi va yallig‘lanishni kamaytiradi. Ammo muz qo‘ymaslik kerak, u aksincha, bezovtalikni kuchaytirishi mumkin.

Keyin teringizga tinchlantiruvchi komponentlarga ega yumshoq namlantiruvchi krem surting: niatsinamid, pantenol, suli ekstrakti, aloe vera, yashil choy. Kislotalar, retinol, spirt va xushbo‘y moddalar saqlovchi mahsulotlardan voz keching. Bunday vaqtda teringizga ortiqcha yuk emas, yordam kerak.

2. Tinchlantiruvchi niqob 

Foto: Freepik.com

Agar teringiz hanuz “yonayotgan” bo‘lsa,  tinchlantiruvchi niqob qo‘llang. Eng yaxshisi — matoli yoki krem shaklidagilari bo‘lib, ular terining himoya qatlamini tiklaydi va yallig‘lanishni kamaytiradi. Faol kislotalar, efir moylari va parfyumeriya qo‘shimchalari bo‘lgan niqoblardan saqlaning.

Shuni ham unutmangki, teri salomatligi organizmdagi suyuqlik miqdoriga bevosita bog‘liq. Kun davomida suv ichishni unutmang, quyoshda ko‘p bo‘lsangiz, issiq joyda yoki mashqdan keyin kun davomida suv ichishni unutmang. Suvsizlik — terining tashqi omillarga bo‘lgan sezuvchanligini oshiradi.

3. Teriga zarar yetkazuvchi omillardan voz kechish

Yangi parvarish vositalarini, ayniqsa faol komponentli mahsulotlarni shifokor tavsiyasisiz ishlatmang. Ko‘pincha qizarish aynan ulardan kelib chiqadi. Shuningdek, quyoshda uzoq yurish, issiq vanna, achchiq ovqat va alkogol — barchasi qizarishni kuchaytiradi.

4. Minimal bo‘yanish

Foto: Freepik.com

Qalin tonal krem va konsilerlar ayniqsa qizarish epizodidan keyin teringizni yana ham ko‘proq bezovta qilishi mumkin. Bo‘yanishda tanaffus qiling yoki yengil tonda BB-kremdan foydalaning. U qizarishni neytrallashga yordam beradi, lekin teriga yuk bo‘lmaydi.

Mahsulot tarkibida tinchlantiruvchi komponentlar va SPF bo‘lishiga albatta e’tibor bering. Quyosh nurlari qizargan terining asosiy dushmanlaridan biridir.

5. LED-terapiya va lazer muolajalari

Agar yuzdagi qizarish doimiy muammoga aylangan bo‘lsa, dermatologlar apparat usullarni ko‘rib chiqishni tavsiya qiladi. Eng samarali usullardan biri — LED-terapiya. Unda turli rangdagi yorug‘liklar yordamida teriga ta’sir qilinadi. Bu yallig‘lanishni kamaytiradi.

Agar qizarish kengaygan kapillyarlar yoki rozatseya bilan bog‘liq bo‘lsa, lazer muolajasi kerak bo‘lishi mumkin. U qon tomirlarini toraytirishga va teri rangini normallashtirishga qaratilgan. Bunday muolajalar faqat shifokor bilan maslahatlashgandan so‘ng bajarilishi kerak.

Qachon dermatologga murojaat qilish kerak?

Foto: Freepik.com

Agar yuzingiz tobora tez-tez va kuchliroq qizarayotgan bo‘lsa, bu holat qichishish, toshma, qurish yoki achishish bilan kechayotgan bo‘lsa, allaqachon dermatologga murojaat qilish vaqti kelganini anglatadi. Hatto oddiy qizarish ham ba’zida rozatseya, atopik dermatit, allergiya, ekzema yoki boshqa teri kasalliklarining ilk belgisi bo‘lishi mumkin.

Dermatolog to‘g‘ri tashxis qo‘yish bilan birga, jiddiy sabablarga chek qo‘yadi, davolanish rejasini belgilaydi va aynan sizning teringiz uchun mos parvarish yo‘lini tanlab beradi. Ko‘p hollarda to‘g‘ri tashxis noto‘g‘ri usullar va uzoq urinishlarning oldini oladi.

Yuz terisining qizarishi bu shunchaki kosmetik muammo emas. Bu terining “men noqulaylikni boshdan kechiryapman” degan signali. Uni e’tiborsiz qoldirmang, parvarishingizni qayta ko‘rib chiqing, zarur bo‘lsa, shifokorga murojaat qiling.

Jizzaxdanman. O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti teleradio jurnalistikasi yo‘nalishini bitirganman. “Daryo”da 2025-yildan beri muxbir lavozimida ishlayman va turli xil yo‘nalishda reportajlar, intervyular tayyorlayman hamda ularni saytga xabar qilib beraman. Har yili “Fantomas” filmini takror ko‘raman. “Mehrobdan chayon” (Abdulla Qodiriy publitsistikasi) ni sevib mutolaa qilaman.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar