Daryo

Forbes o‘z kuchi bilan boylik orttirgan eng badavlat ayollar reytingini e’lon qildi

Kim Kardashyan o‘zining Skims brendi bilan xonanda Teylor Sviftni ortda qoldirdi

2 daqiqa o‘qish3 818 ko‘rishlar0 izoh0

Forbes jurnali har yili an’anaviy tarzda tuzib boradigan eng badavlat ayollar reytingining yangi sonini e’lon qildi. Bu ro‘yxatga nafaqat moliyaviy jihatdan muvaffaqiyatga erishgan, balki o‘z biznes imperiyalarini mustaqil ravishda barpo etgan, hech qanday meros yoki katta oilaviy kapitalga ega bo‘lmagan ayollar kiradi. Ular orasida qurilish, media, moda, kosmetika va musiqadan tortib texnologiyagacha bo‘lgan sohalarda yetakchilik qilayotgan mashhurlar ham bor.

Foto: Reuters

Ro‘yxatda yettinchi yil ketma-ket yetakchilik qilayotgan ayol 77 yoshli Diana Hendriks bo‘lib, u AQSHdagi eng yirik qurilish materiallari yetkazib beruvchi kompaniya ABC Supply’ning egasi va bosh direktoridir. Uning kapitali 22,3 milliard dollarga baholangan. Hendriksning biznesi AQSH bo‘ylab minglab ish o‘rinlarini yaratibgina qolmay, mamlakat iqtisodiyotining muhim bo‘g‘iniga aylangan.

Diana Hendriks
Foto: Lady.mail.ru

Diana o‘z faoliyatini kichik oilaviy biznesdan boshlagan. Turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda 1982-yilda kompaniyani tashkil qilgan va u vafot etgach, biznesni yolg‘iz o‘zi boshqarishni davom ettirgan. Bugungi kunda ABC Supply 800 dan ortiq filialga ega.

Teleboshlovchi, aktrisa va mediamagnat Opra Uinfri 3,1 milliard dollar bilan mashhur va boy ayollar segmentida birinchi o‘rinda. U media kompaniyalari orqali katta muvaffaqiyatga erishgan. Opra nafaqat shou-biznesda, balki xayriya ishlari, ayollar huquqlari va ta’lim sohasidagi faol ishtiroki bilan ham mashhur.

Opra Uinfri
Foto: Genius.com

Reytingda yuqori o‘rinlarni egallab borayotgan ayollardan yana biri Kim Kardashyandir. Uning Skims brendi yiliga 900 million dollar daromad keltirmoqda. Ushbu biznes unga 1,7 milliard dollar boylik bilan 17-o‘ringa chiqishga imkon berdi. Qiziq tomoni shundaki, u hatto The Eras Tour orqali 1,6 milliard dollar ishlab topgan Teylor Sviftni ortda qoldirdi.

Ro‘yxatda quyidagi mashhurlar ham bor:

  • Rianna — 1,4 milliard dollar: Fenty Beauty va Savage X Fenty brendlari orqali katta moliyaviy muvaffaqiyatga erishgan;
  • Madonna — 850 million dollar: san’atdagi uzoq yillik faoliyati va investitsiyalari tufayli boylik to‘plagan;
  • Beyonse — 760 million dollar: musiqa, moda va turli biznes loyihalardan daromad olmoqda.
  • Selena Gomes, Kayli Jenner, Selin Dion va Keti Perri ham ushbu ro‘yxatdan o‘rin olgan.

O‘z mehnati bilan mustaqil ravishda eng badavlat ayollar ro‘yxatini amerikalik tennischi Serena Uilyams 350 million dollar boylik bilan yakunladi. U sport sohasidagi muvaffaqiyatdan tashqari, texnologiya startaplariga sarmoya kiritayotgan faol ayollardan biri hisoblanadi.

Soliyeva Sevaraxon Akram qizi. 1996-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2018-yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Tarjima nazariyasi va amaliyoti yo‘nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar