Daryo

Hind kinosidagi mashhur aka-uka va opa-singillar 

Pokiston va Hindiston san’at olamida o‘ziga xos ovozi, iste’dodi bilan tanilgan Ali va Danyal Zafar aka-uka san’atkordir

3 daqiqa o‘qish8 646 ko‘rishlar0 izoh0

Bollivudda bir oiladan chiqqan mashhurlar juda ko‘p. Ayniqsa, opa-singil yoki aka-uka bo‘lib, birdek mashhurlikka erishgan aktyor va aktrisalar doim tomoshabinlar e’tiborida bo‘lgan. Ularning o‘xshash qiyofasi, aktyorlik mahorati hind kinosi olamida alohida qiziqish uyg‘otadi. Quyida qarindosh bo‘lgan Bollivud yulduzlar haqida ma’lumot beramiz.

Foto: Dzen

Shilpa va Shamita Shetti

Bollivudning mashhur opa-singil aktrisalarining ikkisi ham o‘zining noyob aktyorlik iste’dodi bilan tanilgan.

Foto: Dzen

Shilpa Shetti 1975-yil 8-iyun kuni Mumbayda tug‘ilgan. U faoliyatini 1993-yilda atigi 18 yoshida boshlagan. Debyutidan bir yil o‘tgach, u o‘zining birinchi bosh rolini ijro etgan.

Shetti bir qator hind filmlarida rol o‘ynagan va uning aktrisa singlisi ham Shilpa bilan bir necha marta birgalikda ishlagan. U Britaniya realiti-shousida g‘olib bo‘lgan. Aktrisalik karyerasidan tashqari, Shilpa xayriya loyihalarini faol qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, u ko‘plab nufuzli mukofotlarga sazovor bo‘lgan.

Shamita Shetti 1979-yil 2-fevral kuni Mumbayda tug‘ilgan. Shilpa Shettining singlisi o‘zining aktyorlik faoliyatini 2000-yilda boshlagan. Aktrisa “Sevgilim to‘yi” filmidagi “Sharara-sharara” ijrosi bilan tanilgan.

Ayushman va Aparshakti Khurana

Foto: Dzen

Bollivudning mashhur aka-uka aktyorlari Ayushman Khurana va Aparshakti Khurana o‘zlarining aktyorlik va musiqa sohasidagi mahorati bilan tanilgan. Ayni vaqtda yosh tomoshabinlar uchun sevimli va ijrosidagi filmlar xit bo‘lgan Ayushman o‘z mehnati bilan kino olamida o‘rnini topgan iste’dod egalaridan hisoblanadi.

Aparshakti ko‘proq ikkinchi darajali rollarni o‘ynagan. Aktyor, asosan, “Dangal” filmidagi Omkar roli bilan esda qoldi, bu loyihada Amir Xon ham ishtirok etgan.

Ali va Danyal Zafar

Foto: Dzen

Pokiston va Hindiston san’at olamida o‘ziga xos ovozi va iste’dodi bilan tanilgan Ali va Danyal Zafar — aka-uka san’atkor. Ularning har biri o‘z yo‘nalishida ijod qilib, katta muxlislar e’tiborini qozongan.

Ali Zafar ko‘p qirrali ijodkor: qo‘shiqchi, aktyor, bastakor va hatto rassom sifatida tanilgan. U musiqadagi ilk katta muvaffaqiyatni “Channo” qo‘shig‘i orqali qo‘lga kiritgan. Keyinchalik Bollivud kinolarida rol o‘ynab, Hindiston tomoshabinlariga ham yaxshi tanila boshladi.

Uning ukasi Danyal Zafar esa zamonaviy musiqiy uslubi bilan ajralib turadi. U Coke Studio Pakistan orqali ommaga tanildi. Danyalning ijodi asosan pop va R&B yo‘nalishida bo‘lib, u yosh avlod orasida mashhurlikka erishgan. Bundan tashqari, u aktyorlik va modellik sohasida ham o‘zini sinab ko‘rmoqda.

Anil va Sanjay Kapur

Foto: Dzen

Anil Kapur 1956-yilda Mumbayda tug‘ilgan va 1980-yillardan buyon hind kinosining eng sevimli aktyorlaridan biri hisoblanadi. 2005-yildan beri aktyor va prodyuser sifatida 40 yildan ortiq davom etgan karyerasida Kapur 100 dan ortiq filmlarda suratga tushgan. Ko‘plab mashhur filmlardagi asosiy rollari uchun tan olingan, u bir nechta mukofotlarga, jumladan, ikkita Milliy Film mukofoti va oltita Filmfare mukofotiga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, u mashhur aktrisa Sonam Kapurning otasi sifatida ham tanilgan.

Anil Kapurning akasi Sanjay Kapur shou-biznesdan ko‘ra biznes olamida faoliyat olib boradi. U turli sohalarda — ayniqsa moda va chakana savdo yo‘nalishlarida muvaffaqiyatli tadbirkor sifatida tanilgan. Avvalroq u mashhur hind aktrisasi Karishma Kapur bilan turmush qurgan bo‘lib, bu ularni Hindistonning ikki mashhur kino oilasini bog‘lab turgan juftlikka aylantirgan edi. Hozirda esa ular ajrashgan.

Anupam va Raju Kher

Foto: Dzen

Anupam Kher 1955-yilda Hindistonning Shimla shahrida tug‘ilgan. Uning kino olamidagi faoliyati 1980-yillarda boshlangan va bugungi kunga qadar u 200 dan ortiq filmlarda rol ijro etgan.

Raju Kher Anupamning ukasi bo‘lib, u ham san’atga mehr qo‘ygan aktyor va rejissyor. Raju ko‘proq televideniye loyihalari, seriallar va kinolarda ikkinchi darajali rollarni ijro etadi.

Katrina va Izabel Kaif

Foto: Dzen

Izabel opasi Katrinaga o‘z karyerasining boshlarida juda o‘xshash edi, ammo aktrisa plastik operatsiya qildirgandan so‘ng biroz o‘zgardi. Yaqinda u Bollivudda debyut qiladi. Uning kino sanoatidagi ustozi Salmon Xon bo‘lib, Izabel uchun san’at maktabi vazifasini o‘tagan.

Amrita va Pritika Rao

Foto: Dzen

Amrita Rao hind aktrisasi va sobiq model bo‘lib, asosan hind filmlaridagi faoliyati bilan tanilgan. Amritaning singlisi Pritika aktrisalik faoliyatini 2010-yilda boshlagan. U televideniye sahnasida debyut qilgan bo‘lsa-da, tez orada Bollivudda ham o‘z imkoniyatlarini topdi.

Soliyeva Sevaraxon Akram qizi. 1996-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2018-yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Tarjima nazariyasi va amaliyoti yo‘nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar