“Real Madrid” hujumchisi Kilian Mbappe jamoadoshi Vinisius Juniorning jamoa uchun qanchalik muhimligini ta’kidlab o‘tdi. Bu haqda futbolchi AS nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Foto: Wkontakte

Uning fikricha, “qirollik klubi”ni Vinisiussiz tasavvur qilish qiyin:

Men uchun “Real Madrid”ni Vinisiz tasavvur qilish qiyin. Har doim u bilan hamda jamoamizdagi boshqa futbolchilar bilan birga to‘p surishni orzu qilganman.

Biz Vini bilan maydonda bir-birimizni juda yaxshi tushunamiz, buni yanada yaxshilashimiz mumkin. Bizdan ko‘proq narsa kutishadi — bu tabiiy holat.

Puldan-da qimmatli narsalar bor. Men “Real”da o‘ynashni, “Santyago Bernabeu”da maydonga tushishni orzu qilganman. Men uchun eng muhimi — sovrinlar yutish. Bu yerda o‘ynashimga hech qachon shubha qilmaganman. Bolalikdagi orzum ushalishini bilar edim, deydi futbolchi.

Mbappe 2024-yil yozida “Real Madrid” safiga qo‘shilgan. Bungacha u “Monako” va “PSJ” jamoalarida to‘p surgan va Fransiya chempionatida 7 marta g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. “Qirollik klubi” bilan esa UEFA Superkubogini yutishga erishgan.

Joriy mavsumda 26 yoshli futbolchi barcha musobaqalarda 46 o‘yin o‘tkazib, o‘z hisobiga 32 ta gol va 4 ta assist yozdirib qo‘ygan.