Daryo

Hisobchi, haydovchi va dizayner: sanʼatni tark etgan mashhurlar nimalar bilan band?

Ular qanchalik mashhur bo‘lishmasin, hozir butunlay boshqa sohalarda faoliyat yuritishadi

2 daqiqa o‘qish12 616 ko‘rishlar0 izoh0

Asli mutaxassisligi boshqa bo‘lsa ham, sanʼat sohasida faoliyat yuritayotganlar ko‘plab topiladi. Kezi kelganda, ularning taʼlim olmagani va ustoz ko‘rmagani tanqid ham qilinadi. Ammo bir muddat sanʼat sohasida faoliyat yuritib, keyin butunlay boshqa sohaning etagidan tutganlar ham bor. Ular qanchalik mashhur bo‘lishmasin, hozir oddiy insonlar kabi faoliyat yuritishadi.

Madina Mumtoz

Foto: Instagram

O‘zbekiston davlat Konservatoriyasiga imtiyoz asosida qabul qilingan, professional xonanda Madina Mumtoz allaqachon sanʼatni tark etgan. U bir muddat fudbloger sifatida faoliyat yuritdi. Hozir esa to‘rt nafar farzandi va bizneslari bilan ovora.

Madina Nig‘matullayeva

Foto: Instagram

“Jurnalist” serialidagi roli bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan Madina Nig‘matullayeva ham allaqachon sanʼatni tark etgan. Bir muddat boshlovchi sifatida ishladi, oila qurgach esa o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlashni maʼqul ko‘rdi. U hozirgi kunda psixolog sifatida faoliyat yuritadi.

Lobar Polvonova

Foto: Lobar Polvonovaning shaxsiy arxividan.

“Muhabbat sinovlari” filmidagi Ruxshona roli bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan Lobar Polvonova negadir aktrisalik faoliyatini davom ettirishni istamadi. So‘nggi rolini 2006-yili “Hayot-mamot” filmida ijro etdi. U 2005-yildan buyon Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida liboslar bo‘yicha rassom bo‘lib ishlab kelmoqda. “Alisher Navoiy” spektakli va “Faust” operasi uchun yaratgan liboslari tomoshabinlar eʼtirofiga sazovor bo‘ldi.

Negadir u omma eʼtiborida bo‘lish va aktrisalik faoliyati haqida intervyu berishni istamaydi. Shaxsiy hayoti bilan bog‘liq maʼlumotlarni ham sir saqlaydi.

Sug‘diyona Azimova

Foto: Instagram

Aktrisa Sug‘diyona Azimova oila qurgach, Saudiya Arabistoniga ko‘chib o‘tgan. U turmush o‘rtog‘i bilan birga tur firmada faoliyat yuritadi. Firma o‘zbekistonlik ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatadi.

Muzaffar Saʼdullayev

Foto: Kinokadr

“Osmondagi bolalar” filmidagi Hamdam roli bilan tomoshabinlarning eʼtirofiga sazovor bo‘lgan Muzaffar Saʼdullayev ham aktyorlikni tark etgan. U hunarmandchilik va media mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.

Sherzod Saidaliyev

Foto: Instagram

Sherzod Bin taxallusi bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan aktyor Sherzod Saidaliyev bir necha yildan buyon AQSHda yashaydi. U allaqachon sanʼatni tark etganini maʼlum qilgan. Sobiq ijodkor avvaliga nonvoylik bilan shug‘ullandi, hozir esa trak haydovchisi bo‘lib ishlaydi.

Muborak Ashurboyeva

Foto: Instagram

“Panoh” filmidagi roli bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan aktrisa Muborak Ashurboyeva ham oila qurgach, sanʼatdan ketgan. U uy bekasi va bir quchoq farzandlarning onasi.

Farrux Soipov

Foto: “Daryo”

Aktyor Farrux Soipov ham sanʼatdan ketgan. Bir muddat diniy loyihalarni tayyorlashda ishtirok etayotgandi. Hozir aynan qaysi sohada faoliyat yuritishini maʼlum qilmagan.

Yusufxon Nurmatov

Foto: Instagram

Xushovoz xonanda bir necha yildan buyon AQSHga serqatnov bo‘lib qolgandi. Mart oyi avvalida esa yaxshi trak bilan shug‘ullanuvchi firma izlayotganini va endilikda haydovchi sifatida faoliyat yuritishini maʼlum qildi.

Bonu

Foto: Kollaj

“Qora tun” va “Afsona” qo‘shiqlari bilan mashhurlikka erishgan Bonu ham allaqachon sanʼatni tark etgan. Uning hayoti bilan bog‘liq mish-mishlar ko‘p, ammo sobiq ijodkor birorta intervyusida bu haqda gapirmagan. Bizga maʼlum bo‘lgani shuki, u hisobchi bo‘lib, xususiy firmada ishlaydi.

Toshkentdanman. Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining “Sahna va ekran sanʼati dramaturgiyasi” fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2020-yildan beri faoliyat yuritaman. Avvaliga madaniyat boʻlimida ishlaganman, hozirgi kunda reklama boʻlimi muharriri lavozimida faoliyat yuritaman. Kino koʻrishdan koʻra, oʻqishni afzal koʻraman. Ayni kunda Said Chamlijaning “Iymon va huzun” kitobini oʻqiyapman. Chingiz Aytmatov asarlarini oʻqishni yoqtiraman, ayniqsa “Kasandra tamgʻasi” asari juda yoqadi.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar