Daryo

“Real” yozda qaysi pozitsiyalarni kuchaytirmoqchiligi ma’lum bo‘ldi

Klub skaut xizmatiga yangi topshiriq berildi

2 daqiqa o‘qish18 751 ko‘rishlar0 izoh0

Madridning “Real” klubi skаut xizmati jamoaning asosiy yarim himoyachilaridan biri Luka Modrichga munosib o‘rinbosar izlash kerakligi haqida topshiriq oldi. Bu haqida SI.com nashri xabar berdi. 

Foto: Newyorker

39 yoshli xorvatiyalik futbolchi joriy mavsumda yuqori saviyada o‘ynashda davom etmoqda va hozirgacha 2000 daqiqadan ortiq vaqt maydonda harakat qildi. Shunga qaramay, “Real” Luka kelajakda jamoani tark etish ehtimolini inobatga olib, yangi yarim himoyachini izlashga kirishdi.

Madrid klubi bu borada bir necha variantlarni ko‘rib chiqmoqda. Ilk nomzod sifatida “Bayer”ning 21 yoshli futbolchisi Florian Virts tilga olinmoqda. Unga “Real” allaqachon taklif bilan chiqqani haqida xabarlar tarqalgan. Nemis futbolchisining klub bilan amaldagi shartnomasi 2027-yilgacha davom etadi va uning narxi 130 million yevro atrofida baholanmoqda.

Foto: Wkontakte

Modrich hali katta futbol bilan xayrlashmoqchi emas. U klub bilan shartnomasini yana bir yilga uzaytirish niyatida va asosiy maqsadi — 2026-yilgi Jahon Chempionatiga qadar yuqori saviyada o‘ynash. Uning “Real”dagi kelajagi borasidagi yakuniy qaror may oyida qabul qilinishi kutilmoqda.

Avvalroq “Real” Modrichga o‘rinbosar sifatida Arda Gyulerni ko‘rgan edi, biroq turkiyalik yarim himoyachi ko‘proq hujumga yaqin joyda harakat qiladi va markazdagi o‘yinni nazorat qilish qobiliyatiga ega emas. Shu sabab Madrid klubi endilikda maydon markazida o‘yin ritmini boshqara oladigan futbolchini qidirmoqda.

“Qirollik klubi” yozgi transfer oynasi vaqtida faqat yarim himoyani emas, balki himoya chizig‘ini ham kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Jamoa o‘ng qanot himoyachisi izlamoqda va asosiy nomzod sifatida “Liverpul” futbolchisi Trent Aleksander-Arnold nomzodini ko‘rib chiqilmoqda. Agar bu kelishuv amalga oshmasa, madridliklar “Tottenhem” a’zosi Pedro Porro, “Bayer” futbolchisi Jeremi Frimpong yoki “Sevilya” himoyachisi Xuanlu Sanchesdan biri bilan shartnoma imzolashga harakat qilib ko‘radi.

Foto: Kollaj

Bundan tashqari, jamoa markaziy himoya chizig‘ini ham kuchaytirish niyatida. “Arsenal” himoyachisi Vilyam Saliba “Real”ning “short-listi”dan joy olgan, chunki uning “kanonirlar” bilan amaldagi shartnomasi 2027-yilda yakuniga yetadi va hozircha uni uzaytirish bo‘yicha tomonlar bir qarorga kelmagan.

Ma’lumot uchun, “Real” 28-turdan keyin Ispaniya chempionati turnir jadvalida 50 ochko bilan 2-o‘rinni egallab turibdi.

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar