Daryo

Nima uchun xitoyliklar yog‘och va tosh yostiqlarda uxlashgan?

Qadimgi xitoyliklar qattiq yostiqlar bir qator afzalliklarga ega deb hisoblashgan

2 daqiqa o‘qish15 280 ko‘rishlar0 izoh0

Yapon, xitoy, koreys va Osiyo xalqlari boshqa vakillarining odatlari, an’analari va turmush tarzi Yevropa xalqlarinikidan keskin farq qiladi va ko‘p jihatdan o‘ziga xos ekzotika bo‘lib, buni hamma ham tushunavermaydi. Osiyo madaniyati ko‘p asrlik tarixga ega bo‘lgani uchungina emas, balki bugungi kunda ham ba’zi osiyoliklarning kundalik turmushida uchraydigan qadimiy an’analar saqlanib qolgani uchun ham o‘ziga xosdir.

Bunday ajablantiruvchi an’analardan biri — zamonaviy Osiyoga, xususan, Xitoyga qadimiy davrlardan kelgan an’ana — yog‘och yoki hatto toshdan yasalgan yostiqlarda uxlashdir. Albatta, ba’zilar juda qattiq yostiqlarda uxlashni yoqtiradi, boshqa turdagi yostiqlarda yaxshi uxlay olishmaydi. Qadimgi xitoyliklar esa aksincha, o‘ta qattiq yostiqlar bir qator afzalliklarga ega deb hisoblashgan.

Birinchidan, yog‘och yoki toshdan yasalgan yostiq — bu, avvalo, salomatlik. O‘sha yillardagi xitoylik shifokorlar qattiq yuzada uxlash uyqusizlik, bosh og‘rig‘i va umurtqa pog‘onasi kasalliklaridan xalos bo‘lishga yordam beradi, deb ta’kidlashgan. Qattiq yostiq, ularning fikricha, uyqu paytida bo‘yin va belni to‘g‘ri ushlab turishga yordam beradi va bunday kasalliklarning paydo bo‘lish xavfini kamaytiradi.

Ikkinchidan, xitoyliklar uchun uyqu shunchaki dam olish va tanani tiklash vaqti emas. Xitoyda uyqu haqida butun bir falsafa mavjud bo‘lib, unga ko‘ra, inson uyquga ketar ekan, ajdodlar va hatto xudolar bilan muloqot qilishning noyob imkoniyatiga, shuningdek, ilhom va donishmandlikning muayyan ulushiga ega bo‘ladi.

Qattiq yostiqlar uyqu paytida diqqatni jamlash va fikrlarni nazorat qilishni kuchaytirishga yordam berdi, shuning uchun ular tayyorlangan material ham juda muhim edi. Masalan, nefrit yostiqlar intellektni oshirish xususiyatiga ega deb hisoblangan.

Bundan tashqari, yostiqlar tayyorlangan material qadimgi Xitoyda insonning mavqeyini tasdiqlovchi o‘ziga xos dalil ham bo‘lgan. Kambag‘al xitoyliklar odatda bambuk va yog‘ochdan yasalgan yostiqlarda, boylar esa taxtachalar yoki tosh, bronza va chinni tagliklar ko‘rinishidagi qattiq buyumlar ustida uxlashgan. Ba’zilarning yostiqlari qimmatbaho metallardan yasalgan bo‘lib, nafis naqshlar bilan bezatilgan, ular yostiqdan ko‘ra ko‘proq san’at asariga o‘xshardi.

14-asrda esa yostiqlarda she’rlar va o‘sha davrning ko‘plab dostonlaridan parchalar paydo bo‘la boshladi. Shuningdek, yostiqlar rangli tasvirlar bilan bezatilib, o‘ymakorlik faol qo‘llana boshlandi. Umuman olganda, xitoyliklar yostiq qanchalik qattiq va qimmat bo‘lsa, uning egasining ijtimoiy mavqeyi shunchalik yuqori bo‘ladi, degan fikrga amal qilishgan.

Xitoyliklar majburan yoki shunchaki yumshoq yostiq yasay olmagani uchun qattiq yostiqlarni afzal ko‘rgan, deb taxmin qilish mumkin, ammo bu yolg‘on bo‘lardi. Xitoyliklar yumshoq yostiqlar yasashni juda yaxshi bilishgan, faqat ulardan foydalanishni istashmagan.

Ular qattiq yostiqlar sog‘liq uchun foydaliroq, chunki yumshoq yostiqlarda uxlash quvvat yo‘qotilishiga olib keladi, deb hisoblashgan. Shuningdek, qattiq materiallardan yasalgan yostiq yozda ancha yaxshi sovitadi va unda hasharotlar paydo bo‘lish xavfi kam.

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida tug‘ilganman. Hozirda Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyida tayanch doktorantura (PhD)da o‘qiyman. “Daryo”da 2018-yildan beri musahhih va muxbir lavozimida ishlayman. Sevib o‘qiydigan kitoblarim juda ham ko‘p: Nodar Dumbadze “Abadiyat qonuni”, Harper Li “Mazaxchining o‘ldirilishi”, Gabriel Garsia Markes “Yolg‘izlikning yuz yili”, Chingiz Aytmatov “Kassandra tamg‘asi”, Mixail Bulgakov “Usta va Margarita”, O‘tkir Hoshimov “Ikki eshik orasi”, Ulug‘bek Hamdam “Sabo va Samandar”... Sevimli filmlarim ham turli janrda: DiKaprio ishtirokidagi “Ibtido” va “La’natlanganlar oroli”, “Shoushenkdan qochish”, “Yo‘-yo‘l pijamali bolakay”, “Ameli”, “Qotillikni xotirlab”. Bundan tashqari, Hayao Miyazakining animelari jon-u dilim.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar