Daryo

Mashhur aktrisaga uylangan, ikki farzandning otasi va muvaffaqiyatli tadbirkor: “Qish sonatasi”dagi Jun Sang —  Pe Yon Jun haqida (foto, video)

Aktyor shaxsiy hayotini namoyish etishni istamaydi va ijtimoiy tarmoqlarda turli tafsilotlarni baham ko‘rmaydi

3 daqiqa o‘qish178 242 ko‘rishlar0 izoh1

Nafaqat Osiyo davlatlarida, balki Yevropada ham “Koreys to‘lqini”ning ilk davrini boshlab bergan “Qish sonatasi” seriali o‘zbek tomoshabinlarining ham sevimli doramasiga aylangan. Bugun undagi bosh qahramon — Jun Sang obrazi bilan tanilgan mashhur aktyor Pe Yon Junning ijod yo‘li va shaxsiy hayoti haqida ma’lumot beramiz.

Foto: Getty Images

Janubiy koreyalik aktyor, prodyuser va tadbirkor Pe Yon Jun 1972-yil 29-avgustda Seulda tug‘ilgan. Aktyorlik sohasiga 1990-yillarning boshida kirib kelgan. Uning ekranlardagi debyuti 1994-yilda “Yashasin sevgi” dramasi bilan bo‘lgan. Oradan bir yil o‘tgach, Yon Jun “Quyosh ostida” nomli romantik dramasida rol o‘ynadi. Uning obrazi ilk bor yirik rejissyorlar e’tiborini tortdi va tanqidchilardan ijobiy baholandi.

Foto: Getty Images

Aktyorning navbatdagi diqqatga sazovor roli “Birinchi muhabbat” (1996) seriali bo‘lib, unda u jinoyatchilar to‘dasiga qo‘shilib, oilasi uchun qasos olish uchun huquqshunoslik fakultetini tugatgan yigit rolini o‘ynadi. 1998-yilda esa aktyor “Yalangoyoq bolalik” romantik dramasida suratga tushdi.

1999-yilda Pe Yon Jun Songyungvan universitetining Kino fakultetiga kirdi va asosiy vaqtini o‘qishga sarflashga qaror qildi. Oradan 2 yil o‘tgach, u “Mehmonxona” dramasi bilan ekranlarga qaytdi.

Foto: Arayo

Universitetni tamomlagach, 2002-yilda “Qishki sonatasi” romantik melodramasida bosh rolni ijro etdi. Dramadagi Jun Sang obrazi nafaqat Janubiy Koreyada, balki dunyoning boshqa ko‘plab mamlakatlarida katta muvaffaqiyat qozondi. “Qish sonatasi” 20 dan ortiq davlatda muvaffaqiyatli namoyish etilgandan so‘ng, Pe Yon Jun eng talabgir aktyorlardan biriga aylandi.

Foto: Getty Images

Bundan tashqari u ishlab chiqarish va restoran biznesini yo‘lga qo‘ydi va moliyaviy barqarorlikka erishdi. Uning yozuvchilik tajribasi ham omadli kechdi: uning koreys oshxonasi, tarixi va madaniyatiga bag‘ishlangan “Koreya go‘zallik olamiga sayohat” asari bir necha tillarga tarjima qilindi va bestsellerga aylandi.

Foto: Getty Images

2006-yilga kelib Pe Yonjun Koreya shou-biznesidagi eng badavlat shaxslardan biriga aylandi. New York Times uni “2,3 milliard dollarlik odam” deb atadi. Biroq Yonjun tez orada aktyorlik faoliyatini yakunladi. U 2007-yilda so‘nggi marta dramada rol ijro etdi.

Foto: Getty Images

Shaxsiy hayot

Foto: Getty Images

2015-yilda Pe Yon Jun yana bir mashhur aktrisa va xonanda, SUGAR guruhi solisti Pak Su Jin bilan unashtirilgani haqidagi xabar bilan barchani lol qoldirdi. Juftlik umumiy do‘stlar orqali tanishib qolgan va ularning munosabatlari tabiiy ravishda rivojlanib borgan. Koreys matbuotida aytilishicha, aktyor Su Jinni bir qarashda sevib qolgan va munosabatlarda tashabbusni o‘z qo‘liga olgan.

Foto: Getty Images
Foto: Getty Images

Ularning to‘yi 2015-yil 27-iyulda Seuldagi Sheraton Walkerhill mehmonxonasida yopiq formatda bo‘lib o‘tgan. Nikoh marosimiga faqatgina kelin-kuyovning yaqin do‘stlari va oila a’zolari taklif qilingan.

2016-yil oktyabr oyida oilada o‘g‘il farzand dunyoga keldi. Bu vaqtdan e’tiboran Pak Su Jin karyerasida bir muddat tanaffus oldi. Oradan ikki yil o‘tib er-xotin qiz farzandli bo‘ldi. Shundan so‘ng Sobiq xonanda Koreya shou-biznesidan butunlay voz kechib, butun e’tibori va vaqtini oilasi va farzandlar tarbiyasiga bag‘ishlashga qaror qildi. Bu vaqtda Keyeast (hozirgi Kakao Entertainment) agentligiga asos solib, muvaffaqiyatli tadbirkorga aylandi.

Foto: Getty Images

Er-xotin shaxsiy hayotini namoyish etishni istamaydi: ular kamdan-kam hollarda ommaviy tadbirlarda qatnashadi va ijtimoiy tarmoqlarda turli tafsilotlarni baham ko‘rmaydi.

Foto: Getty Images

Soliyeva Sevaraxon Akram qizi. 1996-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2018-yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Tarjima nazariyasi va amaliyoti yo‘nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar