Daryo

Dunyodagi eng qashshoq prezident saratondan davolanishga qarshi chiqdi

Siyosatchi saroyda yashashdan bosh tortib, maoshining katta qismini xayriya ishlariga sarflagan

1 daqiqa o‘qish26 050 ko‘rishlar0 izoh1

Urugvay sobiq prezidenti Xose Muxika saraton kasalligini davolashdan bosh tortdi va vatandoshlari bilan vidolashdi. Bu haqda elDiario.es mahalliy portali xabar berdi.

Siyosatchi 2012-yilda BBC tomonidan ko‘pchilik saylovchilar kabi yashagani sababli dunyodagi eng qashshoq prezident deb topilgandi. Muxikaga ko‘ra, qizilo‘ngachidan topilgan saraton endi jigariga ham tarqalgan.

“Qizilo‘ngachdagi saraton jigarimni egallamoqda. Men uni hech narsa bilan to‘xtata olmayman. Nega? Chunki men keksaman va ikkita surunkali kasalim bor. Menga na kimyoviy davolash, na jarrohlik mos keladi, chunki tanam bunga bardosh berolmaydi”, degan u.

Muxika, shuningdek, bundan buyon intervyu bermasligi va yangi davolanishni rejalashtirmasligini aytgan.

“Men faqat tinch qo‘yishlaringizni so‘rayapman. Behuda intervyular yoki boshqa narsalar bilan bezovta qilmang. Mening davrоnim allaqachon nihoyasiga yetdi. Ochig‘ini aytsam,  jon berayapman va jangchining orom olishga haqqi bor”, deya qo‘shimcha qildi Urugvay sobiq rahbari.

U dafn etilishi uchun barcha tayyorgarliklarni ko‘rib qo‘yganini ta’kidlagan. Muxika 2010-yildan 2015-yilgacha Urugvay prezidenti lavozimida ishlagan, so‘ngra mamlakat parlamentiga saylangan. 2018-yil avgust oyida u vakolatlari 2020-yilda tugashiga qaramay, iste’foga chiqish to‘g‘risidagi arizasini yozgan. Sobiq prezident buning sababini “uzoq yo‘ldan charchagani” bilan izohlagan.

Prezidentlik davrida Xose Muxika saroyda yashashdan bosh tortgan, buning ustiga maoshining katta qismini xayriya ishlariga sarflagan. U prezidentlik lavozimini egallagan paytda uning yagona mulki 1987-yilgi Volkswagen Beetle avtomobili edi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar