O‘zbekiston Superligasining 18-turidan o‘rin olgan “Olimpik” — “Metallurg” uchrashuvi yakunida bildirgan fikri uchun mehmonlar bosh murabbiyi Grigoriy Kolosovskiy jarimaga tortiladi. Bu haqda PFL matbuot xizmati xabar berdi.
“Superliga va Proliga reglamenti”ning 23.11-bandida bosh murabbiyi hakamlik yuzasidan e’tiroz bildirsa va ayni vaqtda klub shu bob bo‘yicha belgilangan tartibda rasmiy shikoyat kiritmasa, bosh murabbiy tegishli qo‘mita qarori bilan jazolanishi belgilangan. “Olimpik” bilan o‘yin yakunida (1:1) Kolosovskiy hakamlarni follar faqat bir tomon uchun berilganida ayblab, ularning xatti-harakatlarini rasvogarchilik deya baholadi. Biroq uchrashuv qaydnomasida aniq vaziyatlar va daqiqalar bo‘yicha e’tirozlar ko‘rsatilmadi.
Liga mutaxassis ishini Tartib-intizom qo‘mitasiga oshiradi va uning a’zolaridan reglament asosida murabbiyga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llashni so‘raydi”, — deyiladi PFL xabarida.
Ma’lumot uchun, ushbu durangdan so‘ng “Olimpik” klubi 21 ochko bilan turnir jadvalida 8-o‘rinda bormoqda. 11 ochko jamg‘argan “Metallurg” klubi so‘nggi pog‘onani band etgan.
Izoh (0)