Rossiyaning Rostov shahridagi 1-sonli tergov izolyatorida mahbuslar odamlarni garovga oldi, deb xabar beradi “TASS”. Ular orasida Federal jazoni ijro etish xizmatining (FSIN) ikki xodimi ham bor.
Qayd etilishicha, 16-iyun tonggida tergov izolyatoridagi kameralardan birida saqlangan olti nafar ayblanuvchi xodimlarni garovga olgan. Huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘lga olinganlar — tezkor xodim va nazoratchi inspektor.
Jinoyatchilar bu vaqtda tergov izolyatorining ichki hovlisida bo‘lgan va pichoq, dubinka va o‘t o‘chiruvchilar boltasi bilan qurollangan. Ulardan biri FSIN ofitserlaridan birining qo‘liga kishan taqqan. Mahbuslar avtomashina va izolyatorni tark etishga qo‘yib berishni talab qilgan.
Rossiya prezidenti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zosi Yeva Merkachevaning so‘zlariga ko‘ra, garovga olinganlar orasida FSIN hududiy boshqarmasi operativ bo‘lim boshlig‘i Aleksandr Bogma ham bo‘lgan.
Telegram’dagi Mash kanalining yozishicha, xodimlarni garovga olgan shaxslarning qarindoshlari uylarida tintuv o‘tkazilmoqda. Tezkor xodimlari Ingushetiyada ish olib bormoqda. Ular bir necha yil oldin Qorachoy-Cherkesiya Respublikasiga ko‘chib o‘tib, ISHID topshirig‘iga asosan Oliy sud binosida terakt uyushtirishga tayyorlangan. 2022-yil aprelida ular ijaradagi uylarida ushlangan.
Garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha o‘tkazilgan maxsus operatsiya davomida jinoyatchilar yo‘q qilingan, garovda bo‘lgan xodimlar ozod etilgan va ularga hech qanday jarohat yetmagan.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)