Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) Isroilning G‘azo sektoridagi Rafahga uyushtirgan hujumi yuzasidan Xalqaro Sudga murojaat qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Qayd etilishicha, JAR Isroilni falastinliklarga qarshi genotsid harakatlarida ayblagan. Yanvar oyida Jahon sudi Isroilni Genotsid konvensiyasiga tegishli bo‘lgan har qanday harakatlardan tiyilishni va o‘z qo‘shinlari falastinliklarga qarshi genotsid harakatlarini amalga oshirmasligini ta’minlashni buyurgan.
JAR suddan Isroilning Rafahga hujumini to‘xtatish va BMT rasmiylari, gumanitar yordam ko‘rsatuvchi tashkilotlar, jurnalistlar va tergovchilarning G‘azoga to‘siqsiz kirishiga ruxsat berishni talab qilgan.
Hozirgacha omon qolganlar yaqin orada o‘limga duch kelmoqda va ular omon qolishini ta’minlash uchun sudning buyrug‘i kerak, — deyiladi JAR arizasida.
10-may kuni Isroil harbiy vazirlar mahkamasi Rafahdagi operatsiyani sezilarli darajada kengaytirishni ma’qullagan.
Izoh (0)