22-noyabr kuni Parijdagi an’anaviy ravishda rasmiy tadbirlar o‘tkaziladigan Faxriylar uyida rasmiy tashrif bilan Fransiyada bo‘lib turgan Shavkat Mirziyoyevni kutib olish marosimi bo‘ldi.
Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, maydonda oliy martabali mehmon sharafiga Fransiya gvardiyasi harbiy xizmatchilari saf tortdi. Harbiy orkestr ikki mamlakat davlat madhiyalarini ijro etdi. Gvardiyachilar davlatimiz rahbari oldidan tantanali yurib o‘tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev va Fransiya tashqi savdo, iqtisodiy jozibadorlik va xorijdagi fransuz fuqarolarining ishlari bo‘yicha vaziri Olivye Besht faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladi.
Marosimdan so‘ng O‘zbekiston delegatsiyasi Fransiya prezidenti qarorgohi — Yelisey saroyiga yo‘l oldi. U yerda oliy darajadagi ikki tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)