Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti kuchlarini Ukrainadagi jangovar harakatlarga jalb qilish imkoniyati masalasi ko‘rib chiqilmaganini ma’lum qildi, deb yozadi “RIA Novosti”.
“Yo‘q, bunday variant ko‘rib chiqilgani yo‘q”, — dedi Peskov jurnalistlarning Kreml tomonidan Rossiyaning Ukrainadagi urushiga KXShT kuchlarini jalb qilish varianti ko‘rib chiqilgan-chiqilmagani haqidagi savoliga javoban.
Shu bilan birga, Peskov tashkilotning katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. “KXShT mutlaqo yaqin o‘tmishda o‘z samaradorligini, tezkorligini va zarurligini namoyish qilgandi. KXShTni rivojlantirish bizning tashqi siyosat sohasidagi birlamchi vazifalarimizdan biri hisoblanadi”, — dedi u.
Hozirgi paytda KXShT tarkibiga oltita davlat — Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston kiradi.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonda yanvardagi tartibsizliklar fonida prezident To‘qayevning so‘rovidan keyin mamlakatga KXShT harbiylari yuborilgan edi.
May oyida Tojikistonning Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatida tartibsizliklar avj olganidan keyin, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi sobiq o‘rinbosari, xavfsizlik bo‘yicha ekspert Artur Medetbekov mamlakat hududidagi vaziyatni tartibga solish uchun KXSHT harbiy kontingenti kiritilishi mumkinligini aytgandi.
Izoh (0)