Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi mehmonxona kimoshdi savdosiga qo‘yildi. Lot ma’lumotlari “E-auksion” portalida e’lon qilingan.
Jarayon ikki bosqichdan iborat — avval ariza beruvchilar tanlanadi, so‘ngra tijorat takliflari baholanadi. Potensial xaridorlar mehmonxonani rivojlantirish bo‘yicha biznes konsepsiyasini taqdim etishlari kerak.
Lot izohida yozilishicha, bino-inshootlar negizida mehmonxona va qabullar uyi faoliyatini yo‘lga qo‘yish lozim. Yaratilishi kerak bo‘lgan ish o‘rinlari va investitsiya miqdori talabgorlarning xohishiga qarab belgilanadi.
Yer uchastkasining umumiy maydoni 2,99 gektar. Binoning maydoni — 12 143 kvadrat metr. Binoda gaz, suv va elektr ta’minoti mavjud.
Auksionga qo‘yilgan binoning boshlang‘ich bahosi — 66,5 mlrd so‘m. Arizalar 16-may 09:00 ga qadar qabul qilinadi. Savdolar xuddi shu kuni 10:00 da boshlanadi.
Avvalroq Qo‘yliqdagi 5 xonali kvartira 1,5 mlrd so‘mga auksionga qo‘yilgani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)