Ilk namunasi qadimgi qoyatoshlarga tushgan, bugun esa ko‘cha-ko‘ydagi devorlarga ko‘chgan strit-artlar tasviriy san’atning bir tarmog‘i o‘laroq kundalik hayotimizni bezayotgani rost. Xorijiy o‘lkalarda allaqachon ommalashishga ulgurgan zamonaviy ko‘cha san’ati yaqin yillardan buyon O‘zbekiston, aniqrog‘i, poytaxt ko‘chalarida ham paydo bo‘la boshladi. O‘zini haligacha tanitmagan, anonim ravishda suratlar chizguvchi Inkuzart ijodi bunga yaqqol misol.

2022-yilning 18-fevralida Prezident Shavkat Mirziyoyev Sergeli tumanining “Do‘stlik” mahallasiga tashrifi chog‘ida ko‘p qavatli uylardan birining devoriga chizilgan “Do‘stlik ramzi” muraliga e’tibor qaratadi. Rang-tasvirning bunday turiga ham alohida g‘amxo‘rlik qilish zarurligini ta’kidlaydi.

“Do‘stlik ramzi” murali

Foto: “Daryo”/ Ma’murjon Obrahmatov

Bir qarashda jozibador va noodatiy tuyuladigan ko‘cha san’atini qanday chizish mumkin? Buni “Do‘stlik ramzi” bilan birgalikda shifokorlar va ilm-fan rivojiga atab chizilgan murallar muallifi Hasan Maycheyev, O‘zbekiston bayrog‘ining 29 yilligiga bag‘ishlangan va Qozog‘istonning Chimkent shahrida qozoq xalq dostoni “Qiz Jibek” tasviri ifodalangan murallar rassomi Elnur Egamov tushuntirib beradilar. Ular yana bu san’at olamiga qachon va qanday kirib kelganlari, ijod va uning past-balandliklari, e’tibor qaratilishi zarur muammolar haqida ham so‘zlaydilar.

Hasan Maycheyev, 28 yosh “Ziyo forum” fondi bosh me’mori

— Oldindan YouTube orqali chet elda stirt-art, katta monumental rasmlar chizayotgan insonlar faoliyatini kuzatib borar, havas ko‘zi bilan qarardim. Bizda ijodning bu turi bilan ko‘p shug‘ullanilmaganligi sabab qilib ko‘rsammikan, degan qiziqish bo‘lardi.

2020-yil oktabri. Koronavirus avj olgan payt. Qandaydir vahima, ko‘chalarda odam yo‘q. Shifokorlarning yordamiga juda-juda muhtoj edik. Ularning qahramonligini ko‘rsatish istagi paydo bo‘ldi. Balandlikdan qo‘rqishimga qaramasdan Sergeli tumani Yangi Sergeli va Lutfkor ko‘chalari kesishmasidagi 9 qavatli, 32 kvadrat metrdan iborat binoda shu mavzuda mural chizishga qaror qildim.

Hasan Maycheyev

Foto: “Daryo”/ Dilruh Isomiddinova

Ko‘plab g‘oyalar keldi, turli variantdagi eskizlar tayyorladim. Oxiri chaqaloqni do‘ppiga solgan holatda parvarishlayotgan shifokor tasviriga to‘xtaldim. Hayotimizni shu bola misolida ko‘rib, shifokorlar bizni qanchalik asrayotganiga urg‘u bermoqchi bo‘ldim. Yosh bolaning qay darajada nozikligini shu muralni chizish jarayonida bilganman.

Shifokorlarga bag‘ishlangan mural

Foto: Instagram / Hasan Maycheyev

Har kuni 10-12 soatdan ishlab, olti kun deganda bitirganmiz. Kranning ustiga chiqib chizganman. Tushlikka ham yarim-bir soat vaqtni arang ajratardik. Kranning soati pul turadi. Shuning uchun bir hududni bo‘yab turganda chala qoldirib tushib ketib ham bo‘lmasdi. Me’yoridan ortiq xarajat bo‘lib ketmasligi uchun belgilangan joyni bitirib olishga harakat qilardim.

2021-yilning yozida ilm-fan, ta’lim-tarbiya rivojiga bag‘ishlangan kompozitsiyaga qo‘l urdim. Manzili Sergelidagi maktablardan birining yonida. Aynan ish joyim sabab ta’limga e’tiborim ko‘proq tushgan, ilm-fanning rivojida bir tasvirim bilan bo‘lsa-da hissa qo‘shgim kelardi.

Ma’lumot uchun:

Inglizchada “ko‘cha san’ati” ma’nosini bildiruvchi strit-art devoriy rasmlar, jamoat joylari va boshqa turli xil obyektlardagi tasvirlar, graffiti, ko‘cha installyatsiyalari, stikerlar, posterlar, shuningdek, murallarni ham o‘z ichiga oladi. Strit-artning asosan katta hajmdagi, ko‘p qavatli uylarda rassom va ma’lum bir tomon bilan kelishuv asosida chiziladigan turi esa mural sanaladi.

O‘n kuncha vaqt ketdi. Ikki qavatli, 10 metr balandlikdagi binoda narvondan foydalanib chizdim. Undan chiqib-tushish-u, boshqa barcha harakatlarni o‘zim qilardim. Shuning hisobiga ham vaqti biroz cho‘zilib ketdi. Avvalgisida bularni kimdir kran orqali bajarib turgani uchun katta ish bo‘lsa ham nisbatan kamroq vaqt ketgandi.

Undan keyin Yangihayot tumani “Do‘stlik” mahallasidagi “Do‘stlik ramzi” muralini chizdim. Bu mahallada 30 dan ortiq xalq yashaydi. Bitta davlatda har xil millat-elatlar yashashini ifoda etish maqsadida ham shu mavzuga qo‘l urdim. To‘qqiz qavatli, 32 metrdan iborat bino bo‘lsa ham to‘rt kunda bitirgandim.

Elnur Egamov, 32 yosh “Maestro” rassomlar ijodiy guruhi a’zosi

Elnur Egamov

Foto: “Daryo”/ Ma’murjon Obrahmatov

Ilk strit-artni Qozog‘istonda chizganmiz. 2018-yili Chimkent shahri hokimi yangi qurilgan bir maydonga devoriy surat chizish taklif bilan chiqqan. Bilmadim, balki bizda rassomlar arzonroqdir. Ehtimol, ijodimizni hurmat qilib chaqirishgandir. Qozoq xalq dostoni qahramoni “Qiz Jibek” (Ipak qiz)ni to‘rt qavatli uyning 150 kvadrat metrdan oshiq devorida tasvirlagandik.

Qozog‘istondagi “Qiz Jibek” murali

Foto: Instagram/ Elnur Egamov

2020-yilda Toshkent shahri Chilonzor tumanida bayrog‘imizning 29 yilligiga bag‘ishlab navbatdagi muralga qo‘l urdik. Biz hokimiyat, turizmga aloqador obyektlarga ko‘chada devoriy surat chizish tashabbusi bilan ko‘p bora murojaat qilamiz. Bayroqni chizish taklifi bilan ham bir qancha joylarning eshigini qoqqandik. Homiylikni “Yuksalish” umummilliy harakati oladigan bo‘ldi.

Faqat bayroqning o‘zini tasvirlasak, odamlar hayron qolmas, kimdir shu binodan o‘tib ketar ekan, bir daqiqaga bo‘lsa-da nazar tashlashi uchun detallardan foydalanish kerak edi. Ko‘pchilik tomonidan ma’qullangan eskiz variantini Chilonzordagi bir devorga muhrladik. Ertalabdan kechgacha ishlab bir kunda tugatganmiz.

O‘zbekiston bayrog‘ining 29 yilligiga bag‘ishlangan mural

Foto: Elnur Egamov

— Balandlikdan qo‘rqqan bo‘lsangiz, hayajon ham kuchli bo‘lgandir?

Hasan Maycheyev: Albatta. Bunaqa hajmdagi balandlikka birinchi marta chiqishim edi. Avval yopiq binolar devorlarida chizgan bo‘lsam, nari borsa to‘rt metrli bo‘lardi. Strit-art janridagi ilk ishim aynan shu tarafi bilan ham qiziqish uyg‘otgan.

Birinchi kuni kran kabinasi keldi va o‘qini binoga qaratdi. Bo‘yoqlar-u, kerakli jihozlarni tayyorlab qo‘yganmiz. Qo‘rquv-u, hayajon bilan: “Aka, bitta olib chiqing-chi!” dedim. Pastdan qarasangiz, binolar uncha kattaga o‘xshamaydi. Devorning oldiga yaqinlashganingizda esa haybatini sezasiz. Albatta, ishonchsizlik ham bo‘lgan. Shu joygacha kelib, ish boshlanay deb turganda orqaga yo‘l yo‘qligini tushunishga harakat qilganman.

Kranning ustida turganimda mabodo hozir bo‘yoq idishiga qoqilib, yiqilib tushsam-chi, degan o‘y ham kelgan. To‘g‘ri, xavfsizlik kamari ham bor edi. Ammo u noqulayliklar keltirib chiqarardi. Bir nuqtadan ikkinchisiga tez-tez o‘tganimda hozir osilib qolsam, belim sinib ketsa-chi, yiqilib tushsam, hech kim sezmasa ham kerak deb o‘ylaganman. Ammo ko‘zlagan tasvirimni chizish maqsadi bularning barini yenga olgan.

— Ko‘cha hamma ko‘radigan joy. Chizayotganingizda odamlar fikr ham bildirgandir

Hasan Maycheyev: O‘sha paytlar karantin sabab ko‘pchilik uyda edi. Shunga qaramay salbiy munosabatlar bo‘lmagan. Shifokorlarga bag‘ishlangan muralni chizayotganimda yoshi katta bir ayol choy damlab chiqqan. Ularning uyida chizayotganimdan xursandligini bildirib, rahmat aytgan. Chizib bo‘lganimdan keyin esa mening onam yoki turmush o‘rtog‘im shifokor, shuncha hurmat qilib chizganingizga rahmat deb Instagram’imga ham ko‘p yozishgan. Dastlabki muralimning bunday kutib olinishi ham keyingilarini boshlashimga turtki bo‘lgan.

Ilm-fanga bag‘ishlangan mural nisbatan pastroq, ikki qavatli binoda tasvirlangani bois atrofdagilar bilan ko‘p muloqot qilishimga to‘g‘ri kelgan. Kech tushganda oilaviy sayrga chiqqanlar devorning yonida rasmlarga tushib ketishardi. Ko‘plar qiziqib, nimaning tasviri ekanini so‘rashardi. Bundan o‘zim ham quvonardim. Odamlar bilan ishlashning ham o‘zgacha zavqi bor.

Ilm-fanga bag‘ishlangan mural

Foto: “Daryo”/ Madina Nurman

Elnur Egamov: Qozog‘istonda bir opa kelib: “Nimaga buni chizyapsan?”, deb qolgandi. “Bizga buyurtma qilishgan, o‘zlari ruxsat berishdi”, deganmiz. Shunda “Mahalladagilardan nega so‘ramadinglar? Xalqning fikri yo‘qmi bu yerda?”, desa bo‘ladimi. Vaziyatni yumshatishga harakat qilib biz ham mehmonmiz, sizlardan so‘rashmabdi-da endi deb tashkilotchilarga yo‘naltirgandim. Tashkilotchilar esa ayolga barini tushuntirib, bizga hammaning ham gapiga e’tibor beravermasligimizni aytishgan.

Qozog‘istondagi “Qiz Jibek” muralining devordagi dastlabki chizmasi

Foto: Instagram/ Elnur Egamov

Haqiqatanam hammaga birdek yoqishning imkoniyati yo‘q ekan. Lekin bayroq chizayotganimizda O‘zbekistondagi holat zo‘r bo‘lgan. Odamlar yaxshi chiqyapti, ko‘paytiringlar, degan. Shundan, demak, xalqqa yoqyapti degan xulosaga kelganman. Bizda uylar devorini bo‘yashda urfga kirgan qaymoqrang bor. Unga qaragandan ko‘ra bir kartinaga qaragan yaxshiroq. Hammaning ko‘zi quvnaydi, kayfiyatiga ta’sir qiladi.

— Natijalar kutganingizdek bo‘ldimi?

Hasan Maycheyev: Ishlarimda rassomlik nuqtayi nazaridan qandaydir kamchiliklar bordir. Ammo o‘zim muvaffaqiyatli chiqqan, deb hisoblayman. Odam bir ishni qilib ko‘rmaguncha tajriba ololmaydi. Xohlayapsizmi, ikkilanmay boshlash kerak. Olgan tajribalarim qolyapti, yangilarida esa o‘sishga harakat qilyapman.

— Xarajatlar kim tomonidan qoplangan va qancha ketgan?

Hasan Maycheyev: Texnika-yu bo‘yoqlar uchun, taxminan, 15-20 million so‘mdan pul ketgan. Ular Sergeli hokimiyati tomonidan qoplab berilgan. O‘zimga mehnat haqi olmaganman. Maqsadim qandaydir daromad topish emasdi. Strit-art, murallar boshqa chet davlatlarida keng ommaning qiziqishiga ega va ko‘p. Bizda esa juda kam. Maqsadim O‘zbekistonda ham stirt-artlar borligini odamlarga ko‘rsatishga hissa qo‘shish bo‘lgan.

Elnur Egamov: “Bayroq”qa ketgan xarajatlarni “Yuksalish” qoplab bergan. Faqat mahsulotlarning o‘zi uchun 6 million so‘m ajratishgan. Bu ishdan moliyaviy daromad olmaganmiz. “Qiz Jibek” nisbatan kattaroq ish bo‘lgani uchun ko‘p xarajat ketgan. Mehnat haqimiz va ketgan barcha xarajatlar — yo‘l, material, mehmonxonamiz uchun alohida to‘lab berilgan. Chizganimizning o‘ziga so‘mda hisoblaganda 60 million olganmiz. Umuman olganda, O‘zbekistondagidan ancha yaxshi moliyaviy qo‘llab-quvvatlanganmiz.

— Biri Sergeli va Yangihayot, boshqasi esa Chilonzor. Rassomlar nega aynan bu manzilni tanlagan?

Hasan Maycheyev: Murallarning turizmga foydasi bo‘ladi, degan maqsadda qaysidir hududda marshrut qilish g‘oyasi paydo bo‘lgan. Sayyohlar poytaxtga kelganda bir-ikkitagina joyni ko‘rib ketishini emas, aynan qandaydir xarita orqali stirt-artlar manziliga borishini xohlaganman. Sergeli va Yangihayot ko‘p qavatli binolarga boyligidan aynan shu tumanlarni tanlaganmiz. Ish to‘xtab qolgani yo‘q. Belgilangan reja bo‘yicha keyingisini tez kunlarda boshlayman.

Elnur Egamov: Bayroq muralini Chilonzordagi “Bilim” axborot-kutubxona markazining devorida chizganmiz. Bino yonidan deyarli har kuni o‘tganim uchun o‘zim shu joyni ko‘zlab qo‘ygandim. To‘g‘ri, o‘sha atrofda undan-da yaxshi tasvir hosil qilsa bo‘ladigan devorlar ko‘p edi. Ammo hajmi katta bo‘lgani va xarajati ko‘p ketishi mumkinligi sabab shu devorga to‘xtalganmiz. Xarajatlarni o‘zimiz qoplay olmaymiz. Shuning uchun homiy tomon ajratgan pulga ko‘ra ishlashimizga to‘g‘ri keladi.

— Strit-art janrida bemalol ijod qila olarkansiz. Nega ijodlaringiz sanoqligina?

Elnur Egamov: Yuqorida aytganimdek, ko‘p joylarga chizish taklifi bilan biz chiqamiz, bizga chiqishadi. Katta-katta loyihalarda kerakli moliyaviy tomonimiz qoplanmaganidan yoki eskizlarimiz o‘tmaganidan boshlay olmaymiz. Doim bo‘sh binolar izlab yuramiz. Toshkentda bo‘sh joyga reklama ilish urfga kirgan. Ba’zan joyni topishning o‘zi ham muammo. Qayerda bo‘sh bino ko‘rsak, darrov ko‘zlab yurgan eskizimizni chizamiz-da, kerakli joylarga topshiramiz. O‘tish yoki o‘tmasligi ham bir masala.

Mana hozir ham “Chilonzor” metrosining yonidagi to‘qqiz qavatli binolar yonida chizishni rejalashtirib turibmiz. Eskizlar hokimiyatga berilgan. Javobni kutib turibmiz. Balki, bir-ikki oyning ichida yangilik bo‘lib, chizarmiz. Imkoniyat bo‘lsa, gavjum joyga chizish niyatim bor. O‘zbekistonda shunaqa ijod borligini, uning qiyinchiliklarini odamlar ko‘rishini xohlayman.

Ko‘p joyi mablag‘ga borib taqaladi. Ijod qachon ijod bo‘ladi? Erkin ishlaganingizda. Tasavvur qiling, rejangizda biror narsani o‘sha yerga chiroyli qilib chizmoqchi bo‘lasiz-u, nimadir yetishmay qoldi. To‘xta, shu yerga uchta emas, bitta gul qilsam, bo‘lmaydimi deb ijodda cheklanishga majbur bo‘lasiz.

Ishimizni qanchalik yaxshi ko‘rmaylik, bu bizning kasb-korimiz. Shuning ortidan non topamiz. Oilamiz, bola-chaqamizni shu bilan boqamiz. Ro‘zg‘orimizdan tiyib ishga sarflaydigan yoki tekinga ishlaydigan moliyaviy holatda ham emasmiz. Chizishni qanchalik xohlamaylik, ketadigan mablag‘ning topilmasligi bizni to‘xtatib turadi.

— Chizish uchun qayerdan ruxsat olgansiz?

Hasan Maycheyev: Albatta, uchragan binoga kelib chizib ketolmaysiz. Hokimiyatdan ruxsat olish masalasi ham bor. Sergeli hokimi Elbek Shukurov bilan hamkorlikda qilganimiz barcha ishlarni.

Elnur Egamov: Imkoniyat boricha ruxsat olish kerak. Ruxsat olmasdan turib chizgan ishlaringiz o‘chib ketishi mumkin. Chunki devor birovniki. Unga chizsangiz-u, o‘chib ketganidan foyda yo‘q. Bayroqning chizilishiga hokimiyat-u, binoning egalaridan “Yuksalish” harakati ruxsat olgan. Shuning uchun biz biror muammoga uchramaganmiz.

— Rassomlik hisob-kitobiga ko‘ra, muralingiz o‘chirib tashlanmasa, qancha muddatgacha turadi?

Hasan Maycheyev: Aniq aytib bo‘lmaydi. Mo‘ljalimda 10-15 yilcha turib bersa kerak. Yomg‘ir, quyoshga chidamli, sinab, tajriba o‘tkazgan bo‘yoqlardan foydalanganmiz. Mana ikki yilki, sovuq qish va jaziramani boshidan o‘tkazdi. Menimcha, yaxshi. O‘zgarish sezilmaydi. Bo‘lsa ham juda past nisbatda.

Elnur Egamov: Yaxshi bo‘yoqlardan foydalanganmiz. Devor asosi ham muralning qanchalik ko‘p turib berishida ahamiyatli. Sement-u, suvoqlar chidamli bo‘lsa, o‘pirilib, nurab tushmasa, besh yil turib beradi. Undan ham ko‘p turishi mumkin. Ammo kafolatimiz shuncha. Butunlay bo‘lmasa ham yog‘ingarchiliklar kichik miqdorda zarar yetkazishi mumkin.

— Garchi ruxsat olib chizganingizga qaramasdan ishlaringizning o‘chirib tashlanishi ehtimoldan xoli emas. Strit-artlarning o‘chirilishiga qanday qaraysiz?

Elnur Egamov: Chizganlarimiz o‘zimizning bolamizdek gap. Nimaligidan qat’i nazar, kichik qog‘ozchaga oddiy narsa bo‘lsa ham yirtib tashlansa, birovga sovg‘a qilib bersangiz-u, qadrlanmasa yomon ta’sir qilishi tabiiy.

Inkuzart’ga ham ichim achiydi. Shunaqa g‘oya o‘yladi, bir muammoni ko‘tardi yoki yechimini qildi-da, asari bo‘yab tashlandi. Chizaversangiz-u, o‘chirib tashlanaversa, ruhiyatingizni tushiradi. Sizni yomon ko‘rishdek gap-da bu. Har qanaqa yetkazilgan zarar, har qanday kasbning egasiga yomon ta’sir qiladi.

Birov qilgan mehnatni o‘chirib tashlash — madaniyatsizlik. Chizilgan narsa qanchalik tanqidiy bo‘lmasin, uni asrab qolish kerak. Chunki u kimningdir ijod mahsuli.

— Shu yo‘nalishdagi ijodkor sifatida strit-artning O‘zbekistondagi o‘rni haqida nima deya olasiz?

Elnur Egamov: O‘zbekistonda strit-art yo‘nalishida ijodiy faoliyat kam. Sababi uning davlat ahamiyatiga ega yo‘nalish bo‘lolmayotgani, e’tiborning kamligida. O‘zimiz yoki chet eldan keladigan sayohatchilar faqatgina tarixiy obidalarni emas, bugungi san’atimizni ham ko‘rishga haqli. Homiylik mablag‘larini jalb qilish, turli aloqador tashkilot-u, tuzilmalarning e’tibori zarur. Fikrimcha, Turizm vazirligiga bevosita aloqadir soha bu.

Ikki-uch yildan beri strit-art bo‘yicha tanlovlar bo‘lyapti. Faqat juda tor doirada. Qachon bo‘lganini tugagandan keyin bilib qolamiz. Masalan, men o‘sha tanlovlardagi yosh rassomlar chizgan devorlar qayerdaligini ham bilmayman. Bu intervyudan keyin mana qilyapmiz-ku, deganlar ham chiqib qoladi. Mana qilyapmiz-ku, degandan ko‘ra, qilinayotgan ishlarni kengaytirish, ko‘paytirish kerak.

— Siz uchun strit-art bu…

Hasan Maycheyev: O‘z fikrini chiroyli ko‘rinishda ifoda etish.

Elnur Egamov: Xalq uchun eng ko‘rinarli san’at. Muzey yoki boshqa galereyalarni ko‘rish uchun borib navbatlarda turishingiz, kezi kelganda pul to‘lashingiz kerak. Strit-artni esa istalgan vaqtda hech bir to‘lovlarsiz borib ko‘ra olasiz.

Suhbatning to‘liq variantini “Daryo”ning YouTube’dagi sahifasi orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ziyoda Ramazonova suhbatlashdi.

Tasvirchi va montajchi: Ma’murjon Obrahmatov.

Muallif:Ziyoda Ramazonova