UzAuto Motors kompaniyasi mikrosxemalar yetishmovchiligi tufayli GM sertifikatiga ega avtomagnitola ishlab chiqaruvchi Humax korxonasi avtomagnitolani yetkazib berishni noma’lum muddatga to‘xtatgani oqibatida 19-yanvar kunidan avval tuzilgan shartnomalar bo‘yicha Chevrolet Lacetti va Cobalt avtomobillari Humax kompaniyasi tomonidan komponentlarni yetkazib berishdagi uzilishlar sababli mijozlarga magnitolasiz yetkazib berilishini e’lon qildi. UzAuto Motors avtomobillarni yetkazib berish muddatining uzayishi, konveyerlarning to‘xtab qolishi hamda ishchi o‘rinlarning qisqarishining oldini olish maqsadida boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilar tomonidan bunday sharoitlarda amalda qo‘llanilgan yagona to‘g‘ri qaror – avtomobillarni magnitolasiz ishlab chiqarishga o‘tgan. Bunda avval kompaniya 2021-yilning oktabr oyida yarimo‘tkazgichlar tanqisligi sabab Cobalt’ni xaridorlarga o‘rindiq isitish modulisiz, 1 million so‘mga arzonroq yetkazib berishni boshlagandi. Dunyodagi ko‘plab avtomobil ishlab chiqaruvchilar COVID-19 pandemiyasi boshlanganidan buyon mikrochiplar yetishmovchiligidan har tomonlama zarar ko‘rmoqda. 2022-yil 22-yanvarda yarimo‘tkazgichlar yetishmasligi sabab Yaponiyaning eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisi Toyota dunyo bo‘ylab barcha zavodlarini yopishini e’lon qilgan.

Avtomobil ishlab chiqaruvchi korxonalar yarimo‘tkazgichlar inqirozi sabab juda og‘ir ahvolda qolgan: ular ishlab chiqarishni to‘xtatishi yoki avtomobillar ishlab chiqarishni keskin kamaytirishi yoxud komplektatsiyani qisqartirishi zarur. Quyida muammoni hal etish uchun komplektatsiyani qisqartirish yo‘lidan yurgan korxonalar haqida ma’lumotlarni taqdim qilamiz.

Foto: Xombit

Odatda avtosanoat vakillari haydovchi yoki yo‘lovchiga qo‘shimcha qulaylik beradigan qurilmalardan voz kechadi. Lekin gohida faol xavfsizlik tizimini rad etish kabi o‘ta kutilmagan qarorlar ham qabul qilingan. Garchi o‘ta jiddiy misol bo‘lmasa ham, ko‘pchilikning e’tiroziga sabab bo‘lgan holatlardan boshlaymiz.

Quvvatlagich va gadjetlarsiz Tesla

Ilon Maskning avtomobil kompaniyasi mijozlar bilan ishlashdagi o‘zgacha yondashuvi bilan tanilgan. Mojaroning jiddiylashishida ham aynan shu faktor muhim rol o‘ynagan — 2021-yil noyabr oyida Model 3 hamda Y modellari xaridorlari uzoq kutgan elektromobillarini qabul qilib olganlaridan keyin hayron qolishdi. Ularning ayrimlariga mashinaning salonida hamma qurilmalar ham bo‘lmasligi haqida oldindan ogohlantirilmagan ham. Aniqroq aytganda, elektromobillar o‘z egalariga USB-C hamda simsiz quvvatlash funksiyasisiz taqdim qilingan.

Foto: “Matador.tech”

Puli to‘langan ushbu ehtiyot qismlarining berilmaganiga elektron komponentlarning yetishmovchiligi sabab bo‘lgan, muammo Tesla’ni ham chetlab o‘tmagan. Keyinchalik kompaniya konveyrda o‘rnatilmagan qurilmalarni bepul qo‘yib berishini e’lon qilgan. Ammo mijozlarning aksariyati ishlab chiqaruvchining bunday qarorga kelganini, ya’ni mijozlarni elektromobil buyurtmasi amalga oshayotgan vaqtda ogohlantirgani oqibatida internetda holat bo‘yicha salbiy izoh, noroziliklar ko‘payib ketdi.

Tesla yetkazib bergan elektromobillarning qanchasi simli quvvatlagich va smartfonlarni simsiz quvvatlash modulisiz ishlab chiqarilgani noma’lum. Ammo bu Tesla kompaniyasida birinchi marta kuzatilayotgan holat emas. Avval ham 3 va Y modellarida haydovchi yonidagi yo‘lovchi o‘rindig‘ini umurtqa pog‘onasi uchun qulaylashtirish funksiyasisiz elektromobillar yetkazib berilgan.

Lada Granta va xavfsizlik

Rossiya avtokorxonasi bir vaqtning o‘zida iste’molchilarni ham xursand qilgan, ham chalkashtirgan. 2021-yil sentabrda kompaniya Lada Granta rusumli avtomobillarda dinamik stabilizatsiya tizimi paydo bo‘lishini e’lon qilgan. Biroq bir oy avval zavod bunga teskari xabar bilan iste’molchilarni xafa qilgandi.

Foto: “Matador.tech”

Korxona matbuot xizmati tez orada eng yaxshi budjet modelining, maksimal soddalashtirilgan varianti ishlab chiqarila boshlanishi va u tormoz kuchlanishlarining taqsimlagich tizimisiz (EBD), antiblokirovka sistemasi (ABS) hamda Era-Glonass komplektisiz bo‘lishini ma’lum qildi. Mikrochiplarning bunday qisqartirilishi “VAZ” kompaniyasiga nafaqat yarimo‘tkazgichlar inqirozi davrida Granta’larni qalashtirib tashlashiga, balki avtomobilning arzonlashishiga ham olib keladi. Bunday komplektatsiyadagi model qariyb 30 ming rubl chegirma bilan taqdim qilinishi kutilgandi.

Foto: “Matador.tech”

Granta’dan tashqari “AvtoVAZ”da boshqa modellarni ishlab chiqarishda ham muammolar kuzatildi. Masalan, Vesta endi Comfort Light komplektatsiyasida taqdim qilinmoqda, bu nima degani? Avtomobil boshqaruv chambaragi, ya’ni rulda multimedia tizimi, kruiz-nazorat va tezlikni cheklash tugmalari bo‘lmaydi, mashina narxi ham 11 ming rublga pasayadi. Lekin ushbu qaror mikrochiplar yetishmovchiligi tufayli qabul qilinmagan bo‘lishi mumkin. Zavod vakillari bunday komplektatsiya mashinadagi magnitolani yoqtirmaydigan, uning o‘rniga bozordan boshqasini xarid qilib, o‘rnatib olishga odatlangan xaridorlarga manzur keladi. Boshqa bir nuqtayi nazarga ko‘ra esa ishlab chiqaruvchi ushbu yo‘l bilan mashina narxining oshganini xaspo‘shlashga uringan, sababi bir-ikki oy avval shu narxga odamlar Full komplektatsiyani sotib olayotgandi.

Glonass

Rossiyadagi yana bir lokal voqea — Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi yangi avtomobillarga Era-Glonass modellarini vaqtincha o‘rnatmaslik haqida qaror chiqardi. Uni o‘rnatish 2017-yildan beri majburiy tartibda amalga oshirilgan, biroq elektron komponentlar yetishmovchiligi davrida favqulodda xizmatlarga avtomatik chaqiruvni amalga oshirish bloklarida ham inqiroz kuzatilgan. Shuning uchun ham mashinalarni yuklamalardan ozod qilish maqsadida amaldorlar avtosanoat korxonalariga mahsulotni ushbu qurilmasiz chiqarishga ruxsat berdi.

Foto: “Matador.tech”

Mazkur yangilikning yomon tomoni — avtomobillar narxlari ushbu qurilma o‘rnatilmasa ham arzonlashmaydi. Modullar mashina tannarxiga kiritilgan va dilerlar ularni keyinroq o‘rnatib berish majburiyatini zimmasiga olgan. Rossiya mashina bozori xaridorlari kelajakda ushbu jarayon bepul amalga oshirilishiga umid bog‘lagan. Era-Glonass modullarining o‘rnatilishi mikrochiplar yetishmovchiligi davrida faqat xavfli yuk tashish uchun mo‘ljallangan transport vositalari uchun majburiy etib belgilangan.

General Motors tejamkorlik va ekologiya dvigatelini olib tashlagan

Yo‘q, bu O‘zbekistondagi GM emas. Amerika motorlari hech qachon tejamkorlik bilan olamga tanilmagan, lekin bu ishlab chiqaruvchi o‘z mashinasining ishtahasini karnay qilib yuborishi kerakligini anglatmaydi. Masalan, General Motors konserni dvigatellari mashinaning barqaror tezlikda ortiqcha yuklamasiz harakatida bir nechta silindrlarini o‘chirib qo‘yadi. Agregatlarning oxirgi avlodlarida ushbu tizim intellektuallashgan va ancha ilg‘or kompyuter orqali boshqariladi.

Foto: “Matador.tech”

Shunga qaramay, mikrosxemalar defitsiti GM’ni ishchi hajmni 100 kilometr uchun soatiga 6,2 litrdan 5,2 litrga tushirib beradigan Active Fuel Management (AFM) bloklaridan voz kechishga majbur qildi. Kompaniya bayonotiga ko‘ra avtomobillarning ekologik ko‘rsatkichlari ham AQShning tegishli standartlarida belgilangan chegaradan chiqmaydi. Biroq endi mijozlar trassada yoqilg‘ining 10 foizli iqtisodini esdan chiqarishiga to‘g‘ri keladi. Kelajakda hozir sotib olingan mashinalarga AFM’ni imtiyozli asosda o‘rnatish yoki o‘rnatmaslik masalasi ham ochiq qolgan.

2021-yil iyundan boshlab bunday dvigatelli GM mashinalar start-stop funksiyasidan ham mahrum bo‘lgan.

Sensor displeylarsiz AQSh BMW’lari

AQShdagi Janubiy Karolina shtatida Spartenberg okrugidagi BMW zavodi bir qator modellarga sensor ekranlarini joylashtirmaslik haqida qaror chiqardi. Bu cheklov “uchlik”, “to‘rtlik” va X5, shuningdek, Z4 rusumli BMW’larga taalluqli.

Foto: “Matador.tech”

Tesla’dan farqli ravishda nemis kompaniyasi mazkur mashina komplektatsiyalariga buyurtma berib bo‘lgan xaridorlarni ogohlantirish uchun ancha mehnat qildi. Kompensatsiya tariqasida ularga sensorli displeyning boshqa modelga taalluqli qurilmasini o‘rnatish uchun 500 dollarlik chegirma taqdim qilindi.

“Pejo” uchun eskirgan uskunalar

Stellantis korporatsiyasi ham o‘tgan yili bahorda BMW AQSh bo‘linmasiga o‘xshash qaror qabul qilgandi. 2021-yil maydan boshlab Fransiyaning Sosho shahrida chiqadigan Peugeot 308 ga raqamli uskuna paneli o‘rniga klassik strelkali aylanalar o‘rnatilmoqda.

Foto: “Matador.tech”

Lekin ushbu avtomobil rusumining yangisini yaqin orada xarid qilib bo‘lmay qoladi, sababi u eskirayotgani uchun konveyrdan olinadi. Xetchbekning yangilangan versiyasida avtosanoat vakili qanday yangilanishlar qilishi hozircha noma’lum. Mikrochiplar yetishmovchiligi sabab yangilangan xetchbekning taqdimoti ham kechikishi mumkin.

Avtopilotsiz Cadillac

Eng yomon misollardan biri Cadillac brendi bilan sodir bo‘lgan. Escalade markasining flagmani SUV uzoq kutilgan Super Cruise funksiyasisiz ishlab chiqarilmoqda, sababi zavod mashinani zarur elektron komponentlar bilan ta’minlay olmayapti.

Foto: “Matador.tech”

Ushbu intellektual yordamchi yangilangan serhasham avtomobilning “dastxati”ga aylanishi kutilgandi.

Radiosiz avtomobillar

Radio emas, hatto HD Radio — yuqori sifatdagi raqamli uzatgich. 2021-yilning Chevrolet Silverado 1500 hamda GMC Sierra 1500 modellari HD Radio’siz ishlab chiqarildi. Ko‘plab striming servislarining ommalashib ketganiga qaramay, AQShda ushbu funksiyaga ega avtomobillar hanuzgacha qadrlanadi va uning yo‘qligi ko‘pchilik amerikalik haydovchilarga yoqmagani aniq.

Foto: Pickuptrucktalk

O‘rindiqdagi va rul chambaragidagi isitgichlarning yo‘qolishi

Rossiya bozorida ham, O‘zbekiston bozorida ham ruldagi isitgichlar bor avtomobillar kam, lekin sovuq iqlim vaqtida o‘rindiqning isishi haydovchi va uning yonida yuradigan hamrohiga qulayliklar yaratardi. GM konserni 2021-yil noyabrdan boshlab rul chambaragi va o‘rindiqlarni ushbu funksiyasiz yetkazib berilishini e’lon qildi: Chevrolet Silverado, Traverse, Blazer va Equinox modellarida (oxirgi ikkisi O‘zbekiston bozorida ham mavjud), shuningdek GMC Sierra, Acadia, Canyon va Terrain modellarida.

Foto: “Drive.ru”

Komfort funksiyaning yo‘qligi uchun mijozlarga to‘langan 150 dollardan 500 dollargacha kompensatsiyadan hamma ham xursand bo‘lmagan. Masalan, AQShning shimoliy shtatlarida qishda o‘rindiqning isimasligi juda yomon, Rossiyaning sovuq iqlimida ham bu pand beradi.

O‘rnatilgan Shturman funksiyasi yo‘q Ford (Turkiya) va Nissan

Mazkur holatni achinarli deb ham, g‘alati deb ham bo‘lmaydi, Turkiyadagi Ford zavodi 2022-yildan sun’iy yo‘ldosh navigatsiyasining ayrim modellarisiz avtomobil ishlab chiqarishni boshladi. Hozir smartfonlarda ushbu xizmat tezroq va zamonaviyroq ekani inobatga olinsa, yo‘qotish u qadar katta emas. Shunga qaramay kompaniya o‘zgarishdan oldin ushbu qurilmasiz yetkazib berilgan mashinalarga uni bepul o‘rnatib berishga tayyorligini bildirgan.

Nissan bilan ham xuddi shunday vaziyat, faqat Yaponiya zavodi bunday funksiyasiz yasalgan avtomobillar uchun 400 dollarlik chegirma taqdim etgan.

Mercedes-Benz ham mikrochiplar inqirozidan yo‘qotishlarsiz chiqmayapti

Germaniya brendi bir qator frontlardagi mashinalari komplektatsiyasida qisqartirishlar qilgan. Raqobatchilardan har jabhada ustun bo‘lishga intiluvchi Mercedes-Benz’da ko‘proq haydovchi va yo‘lovchiga komfort beradigan qurilmalarda o‘zgarishlar bo‘ldi.

Foto: “Mercedes-benz.ie”

2021-yil iyunidan Mercedes-Benz’ning ko‘plab modellari maxsus premium audiotizimlari, diodli nur optikasi, baland ovozda telefonda so‘zlashuv imkoniyati, smartfonlar uchun simsiz quvvatlagich va yana bir necha bandlarda o‘zgarishlar qildi. Ushbu funksiyalar uchun qachon buyurtma berish mumkinligi haqida rasmiy axborot berilmagan.

Elektron sozlagichlarsiz Porsche

AQShdagi budjet sigmentining yana bir modeli Porsche 2021-yil bahoridan mashinalar salonida o‘zgarishlar qildi. Xususan, Macan modeli elektron rul chambaragi va old o‘rindiqlar sozlagichlarisiz (har bir o‘rindiq uchun 18 tadan sozlama!) ishlab chiqarilgan va keyinchalik 2090 dollar bilan buyurtma qilish imkoniyati yaratilgan, lekin uni yetkazib berish muddati noma’lum bo‘lib qolgandi.

UzAuto Motors nimalar qildi?

UzAuto Motors 2021-yil avgust oyida atigi 2 dona Gentra va birorta ham Spark ishlab chiqarmagandi. Kompaniya buni yarimo‘tkazgichlarning global tanqisligi va ishlab chiqarish bosqichma-bosqich transformatsiya qilingani bilan izohlab, shu doirada yagona platformadagi avtomobillarni ishlab chiqarishga o‘tish rejalashtirilganini bildirgan. Sentabr oxirlarida kompaniya Lacetti va Spark ishlab chiqarish tiklanganini e’lon qilgan. Oktabr boshida UzAuto Motors Lacetti ishlab chiqarish hajmini oshirgan. Oy oxiriga borib kompaniya Lacetti va Labo yetkazib berishni 2 oyga, noyabr oxirida barcha turdagi avtomobillarini yetkazib berishni 2 oyga kechiktirgan. Dekabrda UzAuto Motors fevralgacha Nexia, Spark, Cobalt, Lacetti sotish bo‘yicha yangi arizalar qabul qilishni to‘xtatgan.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

2021-yilning oktabr o‘rtalarida UzAuto Motors yarimo‘tkazgichlar tanqisligi sabab Cobalt’ni xaridorlarga o‘rindiq isitish modulisiz, 1 million so‘mga arzonroq yetkazib berishni taklif qilgan. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev buni iste’molchilar huquqlarini buzish deb baholagan. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi bu masala yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilayotganini qayd etgan. 2022-yil boshida yarimo‘tkazgichlarning global yetishmovchiligi butun jahon avtomobil sanoatiga o‘z ta’sirini o‘tkazayotgani bois yana murojaat bilan chiqdi. Kompaniya bayonotiga ko‘ra mikrosxemalar yetishmovchiligi UzAuto Motors kompaniyasi uchun yagona bo‘lgan GM sertifikatiga ega avtomagnitola ishlab chiqaruvchi Humax korxonasiga ham ta’sir ko‘rsatgan, Janubiy Koreya ishlab chiqaruvchisi avtomagnitolani yetkazib berishni noma’lum muddatga to‘xtatgan. Oqibatda 19-yanvardan avval tuzilgan shartnomalar bo‘yicha Chevrolet Lacetti va Cobalt avtomobillari Humax kompaniyasi tomonidan komponentlarni yetkazib berishdagi uzilishlar sababli mijozlarga magnitolasiz yetkazib berilishi e’lon qilindi.

Yana boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilari haqida

Yuqorida bir qator taniqli modellarning ayrimlarini sanab o‘tdik. Avtosanoat korxonalari yarimo‘tkazgichlar inqirozini mashinalarni konveyrdan olmasdan, yengib o‘tishga urinmoqda.

Qayd etilgan komplektatsiyadagi qisqartirishlarga qaramay, aslida ko‘plab brendlar uchun vaziyat o‘ta murakkab. Dunyo miqyosida ikki yil davomida o‘z faoliyatini to‘xtatgan avtomobil zavodlarining soni juda ko‘p.

“AvtoVAZ” ishlab chiqarish tarmoqlarida ish grafigini o‘zgartirgan. Ishchilarning ayrimlari ketma-ket bir necha kun davomida ishlagan, ayrimlar esa barcha smenalarda ham ishlamagan. “GAZ” zavodi esa ishni to‘xtatmagan, lekin shu bilan birga to‘liq komplektlashtirilmagan avtomobillarni mijozlarga yetkazib bermagan. 2021-yil kuzida Nijegoroddagi zavod to‘xtalishlarsiz maxsus xizmatlar uchun transport vositalarini yetkazib bergan.

Autonews tahliliy nashrining 2021-yil 1-noyabr holatiga bergan ma’lumotlariga ko‘ra butun dunyoda eng ko‘p sotiladigan 10 ta avtomobilning 9 tasi kechikishlar bilan yetkazib berilgan. O‘tgan yil oktabr oyining uch haftasida avtomobil ishlab chiqaruvchilar mijozlarga buyurtma qilingan va ishlab chiqarish rejalashtirilgan qariyb 458 ming mashinani yetkazib bera olmagan. Ushbu yetishmovchilikning asosiy sababi — mikroelektronikadagi inqiroz.

G‘arb tahlilchilari trendning borgan sari katta tahdidga aylanib borayotganini qayd etgan. 2021-yilning birinchi yarmida RoadShow (CNet loyihasi) mijozlarning ko‘pchiligi mashinalari navbatini kutib charchayotgani va oqibatda avtomobilni sotib olmaslik qaroriga kelayotganini qayd etgan. Kimdir tuzilgan shartnomani bekor qilsa, boshqalar oldindan qilingan buyurtmani qaytarib olgan, ba’zilar yangi avtomobil sotib olmasdan ikkilamchi bozorga murojaat qilgan va mablag‘larini boshqa ishga sarflagan. Ekspertlar bozordagi talab yaqin orada tushib ketishini taxmin qilgan.

Avtomobil va mikroelektronika sanoatining yetakchilari vaziyatga optimizm bilan yondashmoqda va yaqin kelajakda vaziyatning o‘nglanishiga umid qilmoqda. Ammo reallik prognozlardan ham dahshatliroq bo‘lishi mumkin.