Daryo

Ijtimoiy tarmoqlarda ommalashayotgan kulgili roliklar qahramonlari — “Afandining qizlari” haqida ma’lumotlar

“Afandining qizlari” hajviy videoroliklari telefonda suratga olinadi

2 daqiqa o‘qish142 726 ko‘rishlar0 izoh0

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Afandining qizlari” deb nomlangan hajviy roliklar ommalashmoqda. Jurnalist Nargiza Murodova minglab kuzatuvchilar e’tiborini tortayotgan hajviy roliklar ijrochilari bilan suhbatlashdi.

Foto: Instagram /@nigora _abdullahanova

Nigora Abdullaxonova ijodni teleboshlovchilikdan boshlagan. Shu kungacha “MTV shou”, “Super odamlar”, “Dugonalar shou” va “Mashhurlik sari” ko‘rsatuvlariga boshlovchilik qilgan.

— Oddiy ishchilar oilasida tug‘ilganman. Oilamizga san’at begona soha bo‘lsa-da, bolaligimdan bu yo‘nalishga qiziqqanman. 6 yoshimda Uspenskiy nomidagi musiqa maktabiga o‘qishga qabul qilinganman. Undan so‘ng hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida o‘qidim. Ammo aktrisa bo‘lish xayolimga ham kelmagandi. Chunki men dirijorlik sohasi tahsil olganman. Musiqani yaxshi tushunaman, ammo yurtimizda bu yo‘nalishdagi mutaxassislarga ehtiyoj u qadar yuqori emas. Oyliklar nihoyatda kam bo‘lgani uchun o‘zimni boshlovchi va aktrisalik sohasida sinab ko‘rishni istadim.

Foto: Instagram / @nigina_djabarova

Nigina Jabborova – “Ilhom” teatri aktrisasi, “Baxtsiz kuyov” va “Qadam” serialida suratga tushgan.

— Buxorodagi ishchilar oilasida tug‘ilganman. Oilamizda san’atkorlar yo‘q. Ammo bolaligimdan aktrisa bo‘laman, deb orzu qilganman.

“Afandining qizlari” loyihasi qandaydir tayyorgarlik va uzoq izlanishlar asosida yaratilmagan. 2020-yilning karantin kuchaytirilgan, odamlar uydan ko‘chaga chiqmayotgan paytida Instagram uchun roliklar olishni istadik. Muborak TikTok’ka qiziqqani uchun milliy ruhda komik videolar olishni taklif qildi. Ilk videoning o‘ziyoq kuzatuvchilarda iliq taassurot uyg‘otdi. Biz esa odamlarning kayfiyatini ko‘tarish uchun har kuni video olishga harakat qilardik. Nom topishga juda qiynalganmiz, shunda “Afandining qizlari” degan to‘xtamga kelganmiz. Afandining 3 xil ko‘rinish va xarakterdagi qizlari ko‘pchilikka manzur bo‘ldi.

Foto: Instagram / @muborak_abdullayevaa

Muborak Abdullayeva — O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabasi, “Dugonalar shou” ko‘rsatuvi qatnashchisi. “Bir kami to‘lmagan dunyo” va “Xush kelibsiz” seriallarida suratga tushgan.

— “Afandining qizlari” telefonda suratga olinadi. Bizda operator yoki montaj ustasi yo‘q. Operatorlar bilan ishlab ko‘rdik, ammo hamkorlikdan ko‘nglimiz to‘lmadi. Shu bois roliklarni o‘zimiz suratga olamiz. Telefon yordamida montaj qilib, kuzatuvchilarga taqdim etamiz.

Yaqin kunlarda “Afandining qizlari Toshkentda” nomli sitkom ham ekran yuzini ko‘radi. Ibrohim Ahmedov prodyuserligidagi serialda opa-singillarning yangi sarguzashtlariga guvoh bo‘lishingiz mumkin.

Toshkentdanman. Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining “Sahna va ekran sanʼati dramaturgiyasi” fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2020-yildan beri faoliyat yuritaman. Avvaliga madaniyat boʻlimida ishlaganman, hozirgi kunda reklama boʻlimi muharriri lavozimida faoliyat yuritaman. Kino koʻrishdan koʻra, oʻqishni afzal koʻraman. Ayni kunda Said Chamlijaning “Iymon va huzun” kitobini oʻqiyapman. Chingiz Aytmatov asarlarini oʻqishni yoqtiraman, ayniqsa “Kasandra tamgʻasi” asari juda yoqadi.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar