Selsiy bo‘yicha 1,5 daraja global isish Tinch okeanining ba’zi orol davlatlari uchun falokat bo‘ladi. Bu haqda mutaxassislar ogohlantirmoqda, deb yozadi “RIA Novosti”.

Foto: Getty Images

Mutaxassislarning fikricha, bu mintaqa mamlakatlari anchadan buyon kuchli dengiz to‘lqinlari, kuchli siklonlar, uzoq muddatli qurg‘oqchilik va yerosti suvlarining sho‘rlanishidan aziyat chekmoqda, bu omillar qishloq xo‘jaligiga zarar yetkazmoqda. Bundan tashqari, dengiz sathining ko‘tarilishi tufayli ko‘plab orollar suv ostida qolmoqda. Olimlarning fikricha, sayyora isishi bilan bunday hodisalar tez-tez sodir bo‘ladi.

“Global isish Tinch okeani orollariga yanada ko‘proq zarar yetkazishi mumkin. Dengiz sathi ko‘tarilishda davom etaveradi. Bu Kiribati, Vanuatu va Solomon orollari singari hududlarni yashashga yaroqsiz holga keltiradi ”, — dedi Greenpeace Australia Pacific tadqiqoti bo‘limi rahbari Nikola Kazule Guardian nashriga.

Bir kun oldin BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo guruhi o‘z hisobotini e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, Yer 2030-yilda Selsiy bo‘yicha 1,5-2 bo‘lgan eng jiddiy harorat chegarasini kesib o‘tadi.

Mutaxassislarning aytishicha, iqlim o‘zgarishi dunyoning barcha mintaqalariga ta’sir qilmoqda va kelgusi o‘n yilliklarda bu yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Agar global o‘rtacha harorat 1,5 darajaga ko‘tarilsa, issiqlik to‘lqinlari kuchayadi, issiq fasllar uzayib, sovuq fasllar qisqaradi. Global isishning 2 darajasi inson salomatligi va qishloq xo‘jaligiga jiddiy tahdid soladi

Iqlim o‘zgarishi nafaqat o‘rtacha jahon haroratining oshishiga, balki boshqa ob-havo parametrlar o‘zgarishiga olib keladi, bu suv toshqinlari sonining ko‘payishiga, muzliklar erishi va dengiz ekotizimining o‘zgarishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Hisobotda, shuningdek, inson faoliyati global isishning asosiy va inkor etilmaydigan sababi ekani qayd etilgan. Mutaxassislar shunday xulosaga keldiki, atmosferaga karbonat angidrid va boshqa issiqxona zaharli gazlarining ajralishi tez va sezilarli darajada kamaygan taqdirda bu iqlim o‘zgarishining keskinlashuvini kamaytirishi mumkin.

Avvalroq olimlar Arktikada havo harorati sayyoraning boshqa mintaqalariga qaraganda tezroq qiziyotganini ma’lum qilgandi.