Lionel Messi 8-avgust, yakshanba kuni “Kamp Nou” stadionida “Barselona”dan ketishi munosabati bilan matbuot anjumanida qatnashdi.
Xayrli kun. Gapira olamanmi yo‘qmi, bilmayman. Bu yerda nima deyish haqida oxirgi kunlarda juda ko‘p o‘yladim. Uzoq yildan so‘ng bu yerdan ketish qiyin. Bunga tayyor emasdim. Byurofaks bilan bog‘liq hikoya endi tarixda qoldi. Mening hozir ketish niyatim yo‘q edi. Qolishimga ishongan edik. Bu yer mening uyim. Buni hammadan ko‘ra ko‘proq xohlagandim. Butun hayotimni “Barselona”da o‘tkazdim.Xayrlashish marosimimda doim odamlar gavjum bo‘ladi deb o‘ylardim. Ammo hozirgi koronavirus pandemiyasi davrida buni iloji yo‘q.
“Barselona”ga qaytishi haqida
Qachondir bu yerga klubning bir qismi bo‘lish uchun qaytaman. Bu yerda istalgan vazifada faoliyat yuritish va “Barsa” dunyoning eng kuchli klubi bo‘lib qolishi yo‘lida qo‘limdan kelgan barcha ishni qilishni istayman. Albatta, ko‘p narsa yodimdan chiqib qolyapti. Ayni vaqtda o‘ylash va gapirish uchun yaxshi holatda emasman.
“PSJ”ga o‘tishi mumkinligi haqida
Ha, “PSJ” — ehtimoliy variantlardan biri. Lekin hozircha hech narsa rasman hal qilinmadi. “Barselona”ning bayonotidan keyin ko‘plab klublardan qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi. Hozircha shartnoma imzolanmadi, faqatgina muzokaralar o‘tkazilyapti.
“PSJ” futbolchilari bilan birga tushilgan surat shunchaki tasodif. Ular hazillashib, “Parijga kel” deyishdi. Bu shunchaki hazil edi. Ular bilan do‘stona uchrashdim, xolos.
Xotiralar haqida
Bu klub qadriyatlariga xos tarzda o‘sdim, bu yo‘lda kamtar bo‘lish va boshqalarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga intildim. Faoliyatim qanday kechgani, qo‘lga kiritilgan sovrinlar, shuningdek, mag‘lubiyatlar uchun ham minnatdorman. Bu juda chiroyli xotiralar. G‘alabani muxlislar bilan birga nishonlash, turmush o‘rtog‘im va bolalar bilan birgalikda quvonish. Ko‘plab vaziyatlarni esda saqlab qolishim kerak.
Qayg‘udaman. Chunki sevgan jamoamni tark etyapman. Buni kutmagan edim. O‘tgan yili ketishni istagandim, ammo shu yil emas. Shuning uchun xafaman.
Futbolchilar “Barselona”ga kelishda davom etadi. Klub har qanday futbolchidan ustun, buni qabul qilish lozim. Avvaliga g‘alati ko‘rinadi, lekin vaqt o‘tgach, barchasi iziga tushadi. “Barselona”da ajoyib tarkib bor.
“Barselona” bilan muammosi yo‘qligi haqida
Haqiqatan ham bizda muammo yo‘q edi. Klub bilan barcha detallarni kelishib olgandik. Hech qanday kelishmovchilik bo‘lmadi. “Barsa”da qolaman deb o‘ylagandim. Lekin La Liga qoidalariga ko‘ra buning iloji bo‘lmadi.
Buni eshitgan vaqtimda xuddi kimdir muzdek suvni ustimdan quyib yuborgandek bo‘ldi. Hali ham bunga ko‘nika olmayapman.
“Barselona” bilan yangi kelishuv shartlari borasida
Maoshni 50 foizga qadar kamaytirdim, mendan boshqa hech narsa so‘rashmadi. Shundan keyin maoshni yana 30 foizga kamaytirishni so‘raganliklari haqidagi xabarlar yolg‘on. Bunaqasi bo‘lmadi.
Biz barcha ishni qildik, ammo qolishning iloji bo‘lmadi. Har doim muxlislarga nisbatan rostgo‘y bo‘lganman. Atrofda ko‘plab mish-mishlar bor, ularning ko‘pi yolg‘on.
“Barsa”da qola olmasligi sababi haqida
Xoan Laporta bu haqda aytdi. Biz hammasi borasida gaplashib oldik, biroq La Liga bilan muammo tufayli qola olmadim. Men qo‘limdan kelgan barcha ishni qildim. Klub gap La Ligada ekanini aytdi, lekin qola olmasligim borasidagi ko‘plab sabablarni eshitdim.
Miyamda ko‘plab fikrlar bor, boshi berk yo‘ldaman. “Barselona”dan ketib, qanday yashashim borasida hozirgacha o‘ylab ham ko‘rmaganman. Hayotim butunlay o‘zgarib ketadi. Asosiy jamoa bilan 16 yil birga bo‘ldim. Hammasini boshidan boshlash vaqti keldi.
Bu oilam uchun qiyin qadam. Bu shahar ular uchun qanday qulay ekanini bilaman. Biroq shunisini aniqki, ular meni olqishlashda davom etadi va hammasi joyida bo‘ladi. Buni qabul qilish va shunchaki boshidan boshlash zarur.
Sovrinlar haqida
Yana bitta Chempionlar Ligasi sovriniga ega chiqa olmaganimizdan afsusdaman. “Liverpul” bilan yarim final o‘yinida biz juda yaqin kelgandik. Gvardiola qo‘l ostida yarim finalda “Chelsi”ga qarshi o‘ynaganda ham yaqin edik.
Biz yana bitta YChLni qo‘lga kiritishimiz mumkin edi, biroq men hech narsadan afsuslanmayman. Maqsadim — g‘alabalarda davom etish. Bir nechta chempionatda g‘olib chiqishni va Dani Alvesni (dunyoning eng sovrindor futbolchisi) quvib o‘tishni istayman. Eng kamida unga yaqin kelishga harakat qilaman.
Lionel Messi, futbolchi
Ma’lumot uchun, Messi “Barselona” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U 2000-yildan beri klub sharafini himoya qiladi, 2003-yildan esa asosiy jamoada o‘ynaydi. U katalon klubi bilan Ispaniya chempionatida 10, Ispaniya Kubogi va Superkubogida 7, Chempionlar Ligasida 4, Yevropa Superkubogida va klublar o‘rtasidagi Jahon Chempionatida 3 martadan g‘alaba qozongan. Messi faoliyati davomida “Barselona”dan boshqa jamoada o‘ynamagan.
U “ko‘k-anorranglilar” safida umumiy hisobda 778 ta o‘yin o‘tkazib, 672 ta gol, 305 ta golli uzatmani amalga oshirgan. Uning jamoa bilan qo‘lga kiritgan sovrinlari soni esa 35 tani tashkil qiladi.
Messi 2020-yilning yozida ham klub rahbariyatidan norozi bo‘lib jamoadan ketmoqchi bo‘lgan. Biroq o‘shanda qadrdon klubi bilan sudlanishni istamagani uchun Kataloniyada qolishga qaror qilgandi. 34 yoshli argentinalikning “Barselona” bilan shartnomasi 2021-yilning iyun oyi oxirida o‘z nihoyasiga yetgandi.
Mavzuga doir:
- Messi nega “Barselona”dan ketdi? “Real” bilan kelishuv va La Ligaga qarshi urush haqida
- “Oltin to‘p”, Toshkentga tashrif va Ronaldu bilan azaliy raqobat. Messining “Barselona”dagi faoliyatiga nazar (fotogalereya)
- “Klub o‘yinchi, murabbiy va direktorlardan ustunroq”. “Barselona” prezidenti Lionel Messi bilan bog‘liq holat yuzasidan bayonot berdi