OnePlus brendi o‘rtacha narxdagi Nord 2 smartfoni va Buds Pro simsiz naushniklarini taqdim etdi, deb xabar beradi “Afisha.uz”.

Foto: “Afisha.uz”

OnePlus Buds Pro

Yangi simsiz naushniklar tashqi ko‘rinishi bilan Apple’ning AirPods’lariga o‘xshab ketadi. Yangi model 15 dan 40 detsibelgacha bo‘lgan diapazondagi faol shovqin so‘ndirish tizimiga ega bo‘lgan. Buning uchun naushnikning har biriga uchtadan mikrofon o‘rnatilgan.

Foto: “Afisha.uz”

Ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha, shovqin so‘ndirish funksiyasi bilan birga naushniklar keysi yordamida 28 soatgacha ishlay oladi. Mazkur funksiyasiz esa uning avtonomligi 38 soatga yetadi. Keyssiz esa naushniklar shovqin so‘ndirish tizimida besh soat, usiz yetti soati ishlashga qodir.

Buds Pro keysi Warp Charge tezkor quvvatlanish funksiyasiga ega bo‘lib, u 10 daqiqali quvvatlantirish orqali 10 soat avtonomlikni ta’minlaydi. Shuningdek, naushniklar uchun futlyarni simsiz usulda ham quvvatlantirsa bo‘ladi.

Foto: “Afisha.uz”

Naushniklar chang va namlikdan IP55 standarti bo‘yicha himoyalangan va qora hamda oq ranglarda sotuvga chiqadi. Savdolar 25-avgustdan 150 dollar qiymatida boshlanadi.

OnePlus Nord 2

Smartfon “Siz orzu qila olgan barcha narsa” shiori ostida taqdim etilgan. Yangi model Full HD+ sifatni qo‘llab-quvvatlovchi 6,43 dyuymli AMOLED-displeyga ega bo‘lgan, yangilanish chastotasi 90 gerts va Gorilla Glass 5 shishasi bilan himoyalangan. Barmoq izi skaneri ekran ostida joylashgan.

Foto: “Afisha.uz”

Smartfon ichidan MediaTek Dimensity 1200-AI protsessori, 8/12 gigabayt tezkor va 128/256 gigabayt ichki xotira o‘rin olgan. Akkumulyator sig‘imi 4500 mA/soat bo‘lib, 65 vattli Warp Charge tezkor quvvatlanish funksiyasiga ega.

OnePlus Nord 2 o‘zidan oldingi modellardan stereodinamiklar va Haptic 2.0 taktil uzatish tizimiga ega bo‘lgan. Qurilmaning asosiy kamerasi 50 megapiksel, optik barqarorlashtirgichi OnePlus 9 Pro’dan meros qolgan. Shuningdek, 8 megapikselli keng burchak, 2 megapikselli makro-modul va 32 megapikselli frontal kamera mavjud.

Foto: “Afisha.uz”

Yevropada oldindan buyurtmalar 28-iyuldan boshlanadi. Rasmiy narxlar:

  • 8/128 gb — 470 dollar;
  • 12/256 gb — 585 dollar.

Avvalroq OnePlus kompaniyasi asoschisi o‘zining shaffof Nothing naushniklarini taqdim etgani, OnePlus “nafas olishga” qodir smartfonini namoyish etgani to‘g‘risida xabar berilgandi.