Moliya vaziri Timur Ishmetov 24-may, dushanba kuni “Toshkent 5 tashabbus harakati” yoshlar festivali doirasidagi uchrashuvda davlat banklarining xususiylashtirilishi masalasida berilgan savolga javob qaytardi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.
“Prezident qarori bilan keyingi besh yilda xususiylashtiriladigan va xususiylashtirilmaydigan banklar ro‘yxati dastur asosida aniqlab olingan. Xususiylashtirilishi ko‘zda tutilgan banklarda bunga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida konsultantlar yollangan. Ularni xususiylashtirishdan oldin tayyorlash, epaqaga keltirish, sotsa bo‘ladigan tijorat mahsulotiga aylantirish kerak bo‘ladi. Bu bo‘yicha ishlar jadal olib borilmoqda.
Kuni kecha 20-may kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Poytaxt bank” va “O‘zagroeksport” banklari sotuvga qo‘yilganini e’lon qildi. Bular juda kichkina bank bo‘lgani uchun sotuv jarayonlariga tayyorlash uncha ko‘p vaqt olmasdi, shuning uchun tezda sotuvga chiqarildi. Lekin yil oxirigacha juda katta yirik banklardan birini xususiylashtirish rejalashtirilgan. Hozir aynan qaysi bankligini ayta olmayman. Lekin reja bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda”, — dedi Ishmetov.
Izoh (0)