Rossiyaning “Golos” loyihasida ishtirok etib, tomoshabinlar e’tiborini qozongan, bir qancha nufuzli xalqaro festivallar ishtirokchisi − Sabina Mustayevaning Toshkent metrosida qo‘shiq kuylayotgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi.
“Uyga ketyapman, metroga tushdim va bu yerda ajoyib akustika mavjudligini his etdim. Nega bu yerda qo‘shiq kuylamay?”, — deydi Sabina. Xonanda gollandiyalik qo‘shiqchi Dunkan Lourensning “Arcade” qo‘shig‘ini xirgoyi qilgan.
Ma’lumot uchun, Toshkentda tug‘ilib o‘sgan Sabina Mustayeva – “Iqtidorli bolalar” tanlovining Gran-pri sohibasi (Toshkent, 2011). Bundan tashqari, u “Yulduzli Qrim” (“Звездный Крым”) xalqaro tanlovida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan (Livadiya, 2012). Estrada va akademik ijrochilik respublika tanlovi laureati, Toshkentdagi musiqa maktablari o‘quvchilari orasida o‘tkazilgan “Mardlar qo‘riqlaydi Vatanni” tanlovida Gran-priga sazovor bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, 2015-yilda Sabina Mustayeva Rossiyadagi “Golos. Deti” loyihasi ikkinchi mavsumida g‘olib bo‘lgan. Shuningdek, Sabina Latviya poytaxtida bo‘lib o‘tgan jaz ijrochilarining Riga Jazz 2016 xalqaro tanlovi superfinaliga chiqqan.
Izoh (0)