Koronavirus pandemiyasi sababli yuzaga kelgan iqtisodiy inqiroz chorak milliard odamni ishsiz qoldirdi, mazkur ko‘rsatkich 2008—2009-yillardagi moliyaviy inqirozga qaraganda to‘rt baravar ko‘p. Bu haqda Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) tadqiqotiga tayanib “Korrespondent.net” xabar berdi.

Foto: Reuters

2020-yil mobaynida dunyo bo‘ylab ish vaqti 8,8 foizga qisqartirildi, bu 255 million doimiy ish o‘rniga tengdir. Bunday yo‘qotishlar yollanib ishlaydiganlarning ish vaqti qisqarishi yoki butun dunyo bo‘ylab 114 million kishini qamrab olgan ishchi o‘rinlarning mislsiz qisqarishi bilan izohlanadi.

XMT ma’lumotlariga ko‘ra, yo‘qotishlarning 71 foizi (81 million kishi) ishsizlik shaklida emas, balki harakatsizlikda yuz bergan: odamlar pandemiya oqibatida ishlay olmagani sababli mehnat bozorini tark etgan. Natijada dunyoda ishchilarning umumiy daromadi 8,3 foiz — 3,7 trillion dollarga kamaydi, bu global yalpi ichki mahsulotning 4,4 foizini tashkil etadi.

Ta’kidlanishicha, mehnat bozoridagi muammolar erkaklarga qaraganda ko‘proq ayollarga ta’sir ko‘rsatgan. Jahon miqyosida ishidan ayrilgan ayollar 5 foizni, erkaklar esa 3,9% ni tashkil qiladi.

Shuningdek, inqirozdan eng ko‘p zararni yoshlar ko‘rayotgani haqida xabar berilgan. Yoshlar (15-24 yosh) orasida ishsizlik 8,7 foizni, kattalar orasida 3,7 foizni tashkil etdi.

Hisobotga ko‘ra, inqirozdan eng ko‘p zarar ko‘rgan sohalar turar joy va umumiy ovqatlanish sohasi bo‘lib, u yerda bandlik o‘rtacha 20% ga kamaygan.

Eslatib o‘tamiz, BMT pandemiya sababli dunyoda ishsizlik o‘zining tarixiy darajasiga yetishini prognoz qilgan bo‘lsa, Jahon banki koronavirus sabab pul o‘tkazmalari 20 foizgacha qisqarishi mumkinligini aytgandi. Bundan tashqari, pandemiya ayollar orasida qashshoqlikni kuchaytirishi ma’lum qilingan.

Shuningdek, Kuwait Airways COVID-19 sabab 1,5 ming nafar xorijlik xodimini ishdan bo‘shatgani xabar qilingandi.