Italiyaning Lameziya-Terme shahrida 13-yanvar kuni “Ndrangeta” mafiya tashkiloti a’zolari ustidan sud jarayoni boshlandi. The Local nashrining yozishicha, sudda 355 kishi – uyushgan jinoiy guruh a’zolari, shuningdek, siyosatchilar, advokatlar, ishbilarmonlar qatnashmoqda, deya xabar bermoqda Meduza.

Foto: AFP

Koronavirus pandemiyasi tufayli birinchi uchrashuvda ayblanuvchilarning hech biri shaxsan qatnashmadi. Ular sud boshlanishini videoaloqa orqali kuzatib bordi. Ularning yuzlari zalga o‘rnatilgan o‘nlab televizorlarda namoyish etildi.

Ushbu ish bo‘yicha sudlanuvchilar 1990-yillarda sodir etilgan bir qator jinoyatlar, jumladan, qotillik, giyohvand moddalar savdosi, tovlamachilik, pul yuvish va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilishda ayblanmoqda.

The Local nashrining yozishicha, yaqinda bo‘lib o‘tgan eshitish paytida sudlanuvchilarning ismlarini o‘qish uchun uch soat vaqt ketgan. Ularning orasida qariyb 20 yil qamoqda o‘tirgan Amaki laqabi bilan tanilgan guruh rahbari Luidji Mankuso, Bo‘ri, Semiz, Yoqimtoy, Mallasoch va Kichkina echki kabi taxallusli boshqa o‘nlab sudlanuvchilar bor.

Ta’kidlanishicha, sud jarayoni uchun yuqori darajadagi himoyaga ega maxsus bino qurilgan. Uchrashuvlar ming o‘rinli zalda bo‘lib o‘tmoqda. Birinchi tinglovlardan so‘ng ayblanuvchilar jarayonda shaxsan ishtirok etishi kutilmoqda. Ular hibsda niqob kiygan holda va bir-biridan ikki metr masofada o‘tirishadi.

Sud majlislarida 900 dan ortiq prokuratura guvohlari va 400 nafar advokat so‘zga chiqadi. Mahalliy gazetaning yozishicha, sud omerta – mafiya a’zolarini hukumat bilan hamkorlik qilishini taqiqlovchi Sharaf kodeksini buzishga tayyor bo‘lgan 58 guvohning ko‘rsatmalarini tinglaydi.

Ayblanuvchilarning deyarli barchasi 2019-yil dekabrida hibsga olingan va tergovning o‘zi 2016-yildan beri davom etmoqda. Tergov Italiyaning kamida 11 mintaqasini qamrab olgan. Ayblovlarni tasdiqlash uchun tergovchilar ayblanuvchilarning 24 ming suhbatini tinglashdi.

“Ndrangeta”ga qarshi tergovni olib borgan prokuror Nikola Gratterining ma’lum qilishicha, bu 1986–1992-yillarda Sitsiliyaning Palermo shahrida 475 kishi sud qilinganidan buyon o‘tkazilgan eng yirik mafiya operatsiyasi. 62 yoshli Gratteri Italiyaning mafiyaga qarshi eng taniqli prokurori hisoblanadi. BBC ta’kidlashicha, prokuror o‘ttiz yildan ortiq vaqt davomida politsiya himoyasida yashab kelmoqda.

Avvalroq Ispaniyada rus mafiyasiga oid ish bo‘yicha qo‘lga olingan rossiyaliklarning ism-shariflari oshkor qilingani hamda Al Kaponening 90 yillik Cadillac mashinasi million dollarga sotuvga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.