Urgut tumanida Tojikiston bilan chegarada joylashgan “Jartepa” chegara bojxona posti yana o‘z faoliyatini boshladi. Bu haqda Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, post orqali hozircha faqat xalqaro yuk tashuvchilarning yuk avtotransport vositalari harakatlanishi belgilangan.
Ushbu post orqali Samarqand viloyatida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari o‘z tovarlarini qo‘shni davlatga bemalol eksport qilishlari yoki tovarlar importini amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi, deyiladi xabarda. Post orqali jismoniy shaxslarning harakatlanishiga ruxsat berilsa, bu haqida qo‘shimcha xabar beriladi.
Asia-Plus’ning qayd etishicha, o‘tgan yili o‘zbek—tojik chegarasidagi barcha postlar yopib qo‘yilgan edi. Bunda, 17 ta punktdan faqat uchtasi faoliyat ko‘rsatayotgan edi. 1-oktabrdan boshlab O‘zbekistonda sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilgan holda temiryo‘l, havo yo‘llari va avtomobil yo‘llari orqali mamlakatga kirish va chiqish cheklovlari olib tashlandi.
Eslatib o‘tamiz, 2018-yilning fevralida O‘zbekiston—Tojikiston davlat chegarasi orqali ayrim o‘tkazish punktlari faoliyatini qayta tiklash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hukumat qarori qabul qilingandi. Qaror bilan Samarqand viloyati Urgut tumanidagi Jartepa aholi punkti hududida chegara posti tashkil etilgan.
Izoh (0)