“Davlat amaldorlarining xorijda aktivlar sotib olishini tartibga solish vaqti keldi”, — deb bayonot berdi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov. Bu haqda “Kun.uz” xabar qildi.
“Noqonuniy boylik orttirish yoki mansabdor shaxslarning chet ellarda mol-mulklarni xarid qilishi masalalari tartibga solinmagan. Bugungi kunda davlat xizmatchisi bo‘lgan xohlagan mansabdor shaxs chet elda bank hisobraqamini ochishi va istalgan mol-mulkni sotib olishi mumkin. Bularni ham tartibga solish vaqti keldi, deb o‘ylaymiz”, — dedi Burhonov 9-dekabr kuni jurnalistlarga bergan intervyusida.
Bundan tashqari agentlik direktori korrupsion jinoyatlarga qo‘l urib, javobgarlikka tortilgan shaxslarni har bir soha kesimida ochiqlash rejalashtirilganini ma’lum qildi.
Avvalroq O‘zbekistonda mansabdor shaxs tomonidan noqonuniy boylik orttirganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilgani hamda tuman hokimlariga narxi 267,5 million so‘mdan yuqori xizmat avtomobili sotib olish taqiqlanishi mumkinligi xabar qilingandi.
Izoh (0)