Insoniyat koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash borasida yana bir muhim qadamni tashladi. O‘tgan dushanba kuni Moderna kompaniyasi o‘zining eksperimental vaksinasi koronavirus keltirib chiqarayotgan COVID-19 kasalligiga qarshi samaradorlikka ega ekanini e’lon qildi. Ushbu olingan natijalar keng miqyosli va puxta o‘ylangan tadqiqotlar asosida qayd qilindi. Lekin hozircha boshqa ekspertlar va nazorat organlari tomonidan tasdiqlanganicha yo‘q.

Sciencealert saytida Moderna kompaniyasining ushbu vaksinasi haqida qiziq maqola e’lon qilindi. “Daryo” ushbu maqolaning tarjimasini taqdim etadi.

Foto: Getty Images

Ushbu yangilik Pfizer’ning vaksinasi COVID-19’ning oldini olish borasida katta samaradorlikka ega ekani haqidagi axborotni tarqatganidan va bu orqali vanihoyat pandemiyadan qutulishga umid uyg‘onib, bozorlar jonlanib ketganidan atigi bir hafta o‘tib e’lon qilindi. Birdaniga ikkita muvaffaqiyatli vaksina paydo bo‘lgan hozirgi paytda, ushbu olingan natijalarning nimani anglatishi va emlashning qachon boshlanishi masalasida bir necha narsani bilib olish va yodda tutish joiz.

Moderna vaksinasi 94,5 foiz samaradorlikka ega

Moderna taqdim qilgan dastlabki tahlillarga ko‘ra, 30 ming nafar ishtirokchi qatnashgan so‘nggi bosqich sinovlaridagi vaksinaning samaradorligi 94,5 foizni tashkil qildi. Pfizer kompaniyasi esa o‘z vaksinasining samaradorligini 90 foizdan yuqoriroqligini xabar qilgandi.

Biz COVID-19 yuqtirgan ko‘proq sondagi sinov ishtirokchilarining ma’lumotlarini olganimizda bu raqamlar o‘zgarishi mumkin. Shunga qaramay, ushbu natijalarning o‘zi ham ekspertlar kutganidan yuqoriroqdir. Moderna va Pfizer vaksinalari haqidagi xabar chiqmasidan avvalroq vaksinalar bo‘yicha ekspert, doktor Pol Offit Bussines Insider bilan suhbatda u o‘rta va og‘ir shakldagi kasallanish darajasini 70 foizga kamaytira oladigan vaksina yaratilishiga umid qilayotganini aytgandi va 50 foizdan yuqori samaradorlik beradigan har qanday natija qimmatli bo‘lishini ta’kidlagandi.

Vaksinaning samaradorligi turlicha bo‘ladi. Ayrim vaksinalar, masalan, mavsumiy grippga qarshi vaksina 44 foizgacha samarali bo‘lishi mumkin va ayni vaqtda, poliomiyelit va qizamiqqa qarshi vaksinalar mos ravishda 99 va 97 foiz samaradorlikka ega bo‘la oladi. Endilikda Moderna o‘z vaksinasini AQSh Oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalarining Sanitar nazorati boshqarmasiga (FDA) ruxsat olish uchun yubormoqchi. Jo‘natishdan avval Moderna vaksinaning bexatarligi borasidagi asosiy ma’lumotlarning olinishini kutmoqda.

Ikkita muvaffaqiyatli vaksina jamoatchilik uchun ajoyib yangilik

Yangi koronavirus tarqalishining oldini olish uchun butun jahon bo‘ylab keng ko‘lamli vaksinatsiya harakati kerak bo‘ladi. FDA Moderna va Pfizer ishlab chiqargan vaksinani qo‘llash uchun ruxsat bersa, avvaliga AQShning o‘zida cheklangan sonli vaksina zaxirasi yuzaga keladi.

Lekin birdaniga ikkita muvaffaqiyatli vaksinaning mavjudligi uni ko‘proq tarqatilishiga omil bo‘lishi kerak. Operation Warp Speed boshlig‘i Monsef Slaui, agar har ikkala vaksina tasdiqdan o‘tgan taqdirda, dekabr oyi ichida 20 million AQSh fuqarosi emlanishiga umid bildirdi.

Allergiya va infeksion kasalliklar Milliy instituti direktori Entoni Fauchi esa amerikaliklarning aksariyat qismi emlansa, 2021-yildan “nisbiy odatiy” hayot tarziga qaytish imkoniyati haqida gapirdi. Vaksinaning har ikkalasi ham ikki doza ko‘rinishida qilinadi. Pfizer vaksinasi 21 kundan keyin takrorlansa, Moderna vaksinasining ikkinchi dozasi birinchisidan 28 kun o‘tgach qilinadi.

Foto: Getty Images

Pandemiyaning ehtimoliy yakuniga yaqin qolgan bo‘lishi mumkin, lekin vaksinaning effekti darhol yuzaga chiqadi deb bo‘lmaydi.

Vaksina yaratilishi borasidagi muvaffaqiyatlar odamni xursand qiladi. Lekin hammani emlab chiqish uchun bir necha oy vaqt talab qilinadi va shu sababli ham baribir odamlar hali-beri niqobda yurishlariga va ijtimoiy masofa saqlashlariga to‘g‘ri keladi.

AQShda pandemiya quturmoqda, yangi qayd etilgan kasalliklar soni, kasalxonaga yotqizilgan bemorlar soni va o‘lim ko‘rsatkichi ortib boryapti. FDA’ning biologik preparatlarni baholash markazi direktori Piter Marks 13-noyabr kuni Bussines Insider’ga bergan intervyusida emlashlarning hanuz eksperimental xarakterga ega ekanini va emlashga ruxsat berish jarayoni o‘zi ham yana bir necha haftani olishini aytib o‘tgan edi.

Moderna bosh direktori Stefan Bansel niqob taqish va ijtimoiy masofa saqlash masalasi hozirda bizda mavjud eng yaxshi qurol ekaniga urg‘u berar ekan, “Biz hammamiz xushyor bo‘lishimiz kerak”, deya ta’kidladi. Bansel, shuningdek, bu safargi shukronalik kuni bayramida (26-noyabr) o‘z yaqinlari va qarindoshlari bilan yig‘ilmoqchi emasligini ham aytib o‘tdi.

Moderna vaksinasini uydagi oddiy sovutgichda 30 kungacha saqlasa bo‘ladi

Pfizer vaksinasidan farqli o‘laroq, Moderna vaksinasi chuqur muzlatish holatini talab qilmaydi. Pfizer vaksinasini tashish va saqlash uchun −94 farengeyt (−70) daraja sovuq harorat zarur va bu ko‘plab boshqa vaksinalar uchun talab qilinadigan haroratdan pastdir. Bu AQSh sharoiti uchun ham murakkablik qiladi va boshqa ko‘plab mamlakatlar uchun esa katta to‘g‘anoq sanaladi.

Pfizer o‘z vaksinasini quruq muz solingan idishlarda va haroratni monitoring qilish imkonini beradigan ko‘plab GPS qurilmalari yordamida quruqlik va havo transporti orqali jo‘natishni reja qildi. Moderna vaksinasi esa oddiy sovutgichlarda 30 kungacha saqlanishi mumkinligi haqida kompaniya vakillari axborot berdi. Bu esa Pfizer vaksinasiga qaraganda bu vaksinani tarqatish vazifasini sezilarli darajada soddalashtiradi.

Vaksina farengeyt bo‘yicha 36 darajadan 46 darajagacha (selsiy bo‘yicha 2 darajadan 7 darajagacha) bo‘lgan sharoitlarda bir oy mobaynida saqlanishi mumkin va bunday harorat odatiy maishiy sovutgichlar uchun standart hisoblanadi. Moderna vaksinasi klinika va kasalxonalardagi muzlatgichlar uchun odatiy hol bo‘lgan −4 farengeyt (−20 daraja) haroratda olti oygacha saqlanishi mumkin. Pfizer bosh ilmiy xodimining Bussines Insider nashriga bergan ma’lumotida aytilishicha, kompaniya hozirda tashish va saqlash uchun o‘ta past haroratlar talab qilinmaydigan keyingi avlod vaksinasi ustida ish olib bormoqda.

Moderna vaksinasining muvaffaqiyati Pfizer muvaffaqiyati tasodifiy bo‘lmaganiga dalolat qilmoqda

Pfizer va Moderna o‘z vaksinasini RNK-messenjer asosida ishlab chiqqan bo‘lib, bunday eksperimental vaksinani hosil qilish uchun virusning genetik kodi talab qilinadi xolos. Pfizer tomonidan e’lon qilingan yirik miqyosli tadqiqotlarning natijalari ushbu texnologiyaning odamlarda naf berayotganini tasdiqlovchi dastlabki nishona bo‘ldi.

Foto: Getty Images

Bu hali sinov bosqichida bo‘lgan boshqa vaksinalar uchun ham muvaffaqiyatni kafolatlamasa ham, lekin Pfizer’ning bu boradagi natijasi tasodif bo‘lmaganini isbotlaydi. Pfizer va Moderna vaksinalarining muvaffaqiyati sohaning boshqa yetakchilari intilayotgan maqsadlar uchun ham mayoq bo‘lishi kerak. Ushbu vaksinalarning barchasi koronavirusning aniq bir qismiga – uning bog‘lovchi oqsiliga mo‘ljallab urishga qaratilgan.

Va nihoyat, olingan ushbu natijalar RNK borasidagi tadqiqotlar uchun muhim poydevor bo‘lishi kerak. Moderna kompaniyasi Zika virusi, gripp, sitomegalovirus (SMV) hamda respirator-sinsitial virus (RSV) kasalliklariga qarshi bir necha nomzod vaksinalar ustida ish olib bormoqda. Bansel endilikda boshqa kasalliklarga ham qarshi vaksinalarni yaratish borasida muvaffaqiyatga erishilishiga ishonayotganini aytdi.

Agar bu vaksina yuqori samaradorlik bersa, Zika virusiga qarshi va SMV ga qarshi vaksina ham samarali bo‘ladi. Bu kopi-past degani. Bu shunchaki ilm!”, — deb ta’kidladi Bansel.

Moderna sinovlaridagi 11 ta og‘ir holatlarning barchasi plasebo bilan emlangan bemorlarda kuzatildi

Moderna tadqiqotda ishtirok etgan 11 nafar bemorda COVID-19’ning og‘ir shakli kuzatilgani haqida xabar berdi. Aytilishicha, og‘ir shaklda kasallangan bemorlarning barchasi plasebo qilingan guruh vakillari edi. Aynan shu ma’lumotlar Moderna bosh direktori Banselni ko‘proq hayajonlantirdi. U ushbu olingan natijalar hali uzil-kesil yakuniy natija emasligini ta’kidlagan bo‘lsa-da, hozirdan “kasallikning og‘ir ko‘rinishini oldini olishga imkoniyat” ochganini aytib o‘tdi. O‘sha 11 nafar og‘ir bemor eksperimental vaksina olmagan edi.

Moderna, shuningdek, COVID-19 bemorlarining yoshi va kasallik manbayiga ko‘ra tartiblab chiqilgan 95 ta holat uchun hujjatlarni taqdim etdi. Bemorlarning 15 nafari 65+ yosh toifasidagilar bo‘lgan bo‘lsa, yana 20 nafari jamiyatning turli qatlamlari vakillari edi.

Tajribada qatnashganlarning deyarli 10 foizi kundalik hayot tarzi bilan yashashga yo‘l qo‘ymaydigan darajadagi kuchli holsizlikni his qildi

Moderna vaksinasi qator sezilarli nojo‘ya ta’sirlarga ega. Uning aksar nojo‘ya ta’sirlari yengil va o‘rtacha ko‘rinishda bo‘lsa ham, baribir ayrim ko‘ngillilarda haqiqatan ham tibbiyot nuqtayi nazaridan qaraganda jiddiy bo‘ldi, lekin hayot uchun keskin xavf tug‘dirmaydigan nojo‘ya ta’sirlar kuzatildi.

Bunday jiddiy nojo‘ya ta’sirlar asosan ikkinchi doza yuborilganidek keyin kuzatildi. Eng ko‘p kuzatilgan nojo‘ya ta’sir bu – holsizlik bo‘ldi. Bemorlarning 9,7 foizida kuchli holsizlik kuzatilgan bo‘lsa, yana 8,9 foiz bemorda kuchli mushak og‘riqlari namoyon bo‘ldi. Bunday nojo‘ya ta’sirlarni tibbiyotda uch darajali deb belgilanadi va ular muayyan  muddat mobaynida odatiy hayot tarzi bilan yashashga xalaqit beradi. Moderna xabarida aytilishicha, bunday nojo‘ya ta’sirlar “uzoq muddatli emas”. Ko‘ngillilarning 5,2 foizida kuchli bo‘g‘im og‘riqlari, yana 4,5 foizida kuchli bosh og‘rig‘i, 4,1 foizida inyeksiya qilingan joydagi og‘riq va ikki foizida esa inyeksiya qilingan joyda qizarish yuzaga kelishi kuzatildi.