Turkiya Madaniyat vazirligi 2021-yil 23-aprelda Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan “Oskar” mukofotining 93-taqdirlash marosimiga rejissor Mehmet Ada O‘ztekinning “Yettinchi bo‘lmadagi mo‘jiza” (Yedinci Koğuştaki Mucize) deb nomlangan filmining nomzod qilib ko‘rsatilishini ma’lum qildi. Bu haqda Milliyet nashri xabar beradi.

Foto: Milliyet

Madaniyat va turizm vazirligi hamda turk kinouyushmasi vakillaridan iborat kengash aynan mazkur filmni “Eng yaxshi xalqaro badiiy film” nominatsiyasiga munosib hisoblab, Turkiya tomonidan nomzod qilib ko‘rsatish uchun tanlab olgan.

23 film orasidan tanlab olingan mazkur kartina aqlan zaif Memo va uning 7 yashar qizi Ova haqida hikoya qiladi.

“Chuqur” serialidagi roli bilan yaxshi tanish bo‘lgan Aras Bulut va Nisa Sofiya Aksongur bosh qahramon sifatida ishtirok etgan drama 2019-yil Turkiyadagi eng mashhur film bo‘lgan. Voqealari 1983-yilda kechadigan filmda, shuningdek, Ilker Aksum, Mesut Akusta va Deniz Baysal suratga tushgan.

Ayni vaqtda onlayn platformalarda namoyish qilinayotgan filmni, deyarli, 6 million kishi tomosha qilgan.