Rossiyada epidemiya davridan buyon ilk bor so‘nggi bir sutka ichida koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha 15 150 ta yangi holat kuzatildi, deb xabar bermoqda Meduza, koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha tezkor shtabga tayanib. Bundan avvalgi yuqori ko‘rsatkich 14-oktabr kuni qayd etilgan bo‘lib, 14 231 kishida koronavirus aniqlangandi.

Foto: “RIA Novosti”

Pandemiya boshlanganidan beri mamlakatda 1 million 369 ming 313 kishi COVID-19’ga chalingan. Eng ko‘p yangi kasallanishlar soni — 5049 kishi Moskvada qayd etilgan bo‘lib, bu 12-maydan beri rekord ko‘rsatkich.

Kunlik kasallanishlar soni bo‘ycha, shuningdek, Sankt-Peterburg (+647), Moskva (+448), Rostov (+285) va Nijniy Novgorod (+285) viloyatlari yetakchilik qilmoqda.

So‘nggi sutka davomida COVID-19 bemorlarining 232 nafari vafot etgan. Bir kun avval 286 ta o‘lim qayd etilgan. Pandemiya boshlanganidan buyon mamlakatda koronavirus bilan kasallangan jami 23 723 kishi vafot etgan.

Shuningdek, sutka davomida kasalxonalardan koronavirusga chalingan 8485 nafar bemor sog‘ayib chiqqan. Sog‘ayganlarning umumiy soni 1 056 582 kishini tashkil etmoqda.

Rossiyada koronavirusni aniqlash bo‘yicha 52,7 milliondan ortiq test o‘tkazilgan.