O‘zbekistonda Volkswagen Caddy modelining savdosi 27-iyuldan boshlanadi, deb xabar beradi Spot.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 27-iyul kuni ertalab avtomobilning onlayn-taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Shu kunning ikkinchi yarmidan boshlab avtosalonga kelib mashinani tomosha qilish yoki xarid qilish mumkin bo‘ladi.
Avtomobillar Toshkentning Sergeli tumanidagi Volkswagen avtosalonida sotiladi (Obihayot ko‘chasi, 39).
Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning mart oyida “O‘zavtosanoat” AJ va “Folksvagen Grup Rus” kompaniyasi yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarish to‘g‘risida kelishuv imzolagan edi. Unga ko‘ra, “Jizzax avtomobil zavodi” MChJ kompaniyasi bazasida yengil tijoriy avtomobillar ishlab chiqarish boshlangan. Iyun oyida esa ishlab chiqarish jarayonlarini tezlashtirish uchun O‘zbekistonga Volkswagen Caddy partiyasi olib kelingan edi.
“O‘zavtosanoat” ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yilda modelning to‘rtinchi avlodini, 2021-yildan esa beshinchi avlodining to‘liq siklini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.
Volkswagen Caddy 2015-yilda taqdim etilgan bo‘lib, nafaqat yo‘lovchilar yoki yuk tashish uchun, balki oilaviy uzoqlarga safarga chiqish uchun mo‘ljallangan.
Volkswagen Caddy O‘zbekistonda qancha narxda sotuvga chiqishi hozircha noma’lum. Masalan, Rossiyada uning narxi jamlanmalariga qarab 18—33 ming dollar atrofida.
Izoh (0)