Belarusda 9-avgust kuni prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi. Bu mamlakat mustaqillikka erishganidan buyon oltinchi prezidentlik saylovi hisoblanadi. Amaldagi davlat rahbari Aleksandr Lukashenko bu safar ham saylovda o‘z nomzodini qo‘ygan. Shu bilan birga bu safargi saylovoldi kampaniya avvalgilaridan farq qilmoqda — prezidentlikka boshqa nomzodlar uchun imzo to‘plash maqsadida bir necha kilometrli navbatlar yuzaga keldi, prezidentlikka nomzodlar qo‘lga olindi, deb yozmoqda “Gazeta.uz”.

Foto: “TUT.BY”

Belarusning “TUT.BY” nashri ma’lumotlariga ko‘ra, imzolarni yig‘ish 19-iyun kuni yakunlangan, nomzodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish esa 5—14-iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. Ro‘yxatdan o‘tish uchun imzolarni Aleksandr Lukashenkodan tashqari olti nafar nomzod topshirgan — Viktor Babariko, Valeriy Sepkalo, Svetlana Tixanovskaya, Anna Kanopatskaya, Andrey Dmitriyev va Sergey Cherechen.

Belarus huquq himoyachilarining ta’kidlashicha, mamlakatda saylov kampaniyasi qo‘rquv atmosferasida o‘tmoqda, may oyida huquq faollariga qarshi boshlangan ta’qib esa davom etmoqda. Biroq mamlakat bo‘ylab prezidentlikka amaldagi prezidentdan boshqa nomzodlarni ilgari surish uchun chiqishlar bo‘lib o‘tdi. Ko‘chalarda yuzlab odamlar nomzodlarga o‘z imzolarini berish uchun tashabbuskor guruhlarning stollari oldida safga tizildi.

Aleksandr Lukashenkoning nisbatan jiddiy raqiblari huquqni muhofaza qilish organlari bilan muammolarga duch kelmoqda.

Svetlana Tixanovskayaning turmush o‘rtog‘i — Belarusda mashhur bo‘lgan bloger Sergey Tixanovskiyning o‘zi dastlab prezidentlikka nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tishga qaror qilgandi, biroq Markaziy saylov komissiyasi buni rad etdi. Shundan so‘ng Svetlana Tixanovskaya nomzodlik uchun hujjatlarini topshirgan, uning turmush o‘rtog‘i esa chiqishlarda odamlar bilan uchrashgan, odamlar esa amaldagi hukumatdan norozilik bildirib, o‘zgarishlar talab qilgan. Ayni paytda Sergey Tixanovskiy Grodno shahrida saylovoldi chiqishda yuz bergan voqea sababli “jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzuvchi harakatlar” tayyorlaganlik va tashkil etganlik aybi bilan hibsda saqlanmoqda.

Aleksandr Lukashenko uning qo‘lga olinishi haqida gapirgan va Tixanovskiy hatto nomzod emasligini aytgan. “Rafiqasi uchun jon kuydirmoqda. Axir Belarusda rafiqasi uchun hech kim ovoz bermasligini tushunadi-ku. Bizda Konstitutsiya ayollar uchun emas. Bizda jamiyat ayol kishi uchun ovoz berish darajasida pishgani yo‘q”, — degan Lukashenko.

Svetlana Tixanovskayaning o‘zi keyinroq videomurojaat yozgan va unda saylovoldi kampaniyasida ishtirokini davom ettirish yuzasidan unga tahdidlar bo‘layotganini ma’lum qilgan. “Mening oldimda tanlov turibdi — bolalar yoki kurashni davom ettirish, o‘ylaymanki, mening tanlovim aniq bo‘ladi”. Tixanovskaya o‘z nomzodini qaytarib olish bo‘yicha yakuniy qarorni qabul qilgani yo‘q.

Bundan tashqari, Aleksandr Lukashenkoning asosiy raqobatchisi — “Belgazprombank” rahbari Viktor Babariko ham qo‘lga olingan. Hozirgi paytda u o‘z o‘g‘li Eduard bilan Belarus Davlat xavfsizlik qo‘mitasining tergov izolyatorida saqlanmoqda. Ulardan tashqari, kompaniyaning yana 15 nafar xodimi qo‘lga olingan, ularga nisbatan ikkita jinoyat ishi ochilgan — juda katta miqdordagi jinoiy yo‘l bilan topilgan daromadlarni legallashtirish va soliqlardan bo‘yin tovlash.

E’lon qilingan ayblovga qaramasdan, Viktor Babarikoning jamoasi uning prezidentlik saylovida nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tishi uchun Markaziy saylov komissiyasiga hujjatlarni topshirgan.

Belaruslik huquq himoyachilarining ma’lumotlariga ko‘ra, 6—13-may kunlari Belarusning 17 ta shahrida 120 nafardan ortiq tinch namoyishlar qatnashchilari, muxolifotchi blogerlar, jurnalistlar va hukumatni tanqid qilgan boshqa shaxslar qo‘lga olingan. Mazkur fuqarolarga nisbatan sudlar tomonidan ruxsat etilmagan ommaviy tadbirlarda ishtirok etganlik aybi bilan 25 sutkagcha bo‘lgan qamoq jazolari tayinlangan.

Yevropa parlamenti Belarusdagi vaziyat bo‘yicha bayonot e’lon qildi. Bayonotda Belarusning amaldagi hukumati xalqni tinglashga chaqirilgan. Yevropalik siyosatchilarning fikricha, Aleksandr Lukashenko xalqni tinglash uchun bir qator prinsiplarga amal qilishi kerak:

  • siyosatchilar, fuqarolik va muxolifot faollari, prezidentlikka nomzodlar, jumladan, Sergey Tixanovskiy va Viktor Babariko ta’qib qilinishiga chek qo‘yilishi, qamoqda saqlanayotganlar, shu qatorda Pavel Severenits va boshqalarning ozod etilishi;
  • yetarli imzolarni to‘plagan nomzodlarni qasddan ma’muriy aralashuvsiz ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat berish;
  • barcha nomzodlar, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida saylovoldi tashviqoti uchun teng sharoitlarni ta’minlash;
  • saylovning erkin, adolatli va oshkoraligini ta’minlash;
  • saylov natijalaridan qat’i nazar, ularni qabul qilish majburiyatini o‘z zimmasiga olish;
  • agar u prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonsa, u erkin va demokratik parlament saylovlarini o‘tkazishga va’da berishi.

“Aleksandr Lukashenko Yevropa Ittifoqi bunday xatti-harakatlarga toqat qilmasligini va ular bir qator oqibatlarni keltirib chiqarishini, shu jumladan, guruhlarga, shaxslar va tashkilotlarga qarshi sanksiyalarni qabul qilish, Yevropa Ittifoqining Belarusga moliyaviy yordam berish to‘g‘risidagi qarorlariga ta’sir qilishi mumkinligini tushunishi kerak”, — deyiladi bayonotda.

Agar mamlakatning amaldagi rahbari “o‘z vatandoshlarining ovozini yana bir bor e’tiborga olmasa”, Yevropa parlamenti a’zolari “demokratik hamjamiyat Lukashenkoga, uning siyosiy muhiti va repressiv tuzilmalariga munosabat bildirishi uchun” barcha imkoniyatlarni ishga solishga tayyor.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi Belarus hukumatini saylovoldi kampaniyasida haqiqiy raqobat sharoitlarini ta’minlashga chaqirdi — Viktor va Eduard Babariko va Sergey Tixanovskiyni ozod qilish kerak.

“Ushbu saylovlarning natijalari va ularning qanday o‘tkazilishi Yevropa Ittifoqi va Belarus o‘rtasidagi munosabatlar uchun juda muhimdir”, — deyiladi Yevropa Ittifoqi bayonotida.