“Inter” klubi Milan shahridagi yangi turdagi koronavirusni o‘rganish ishlari olib borayotgan “Luiji Sakko” shifoxonasining biotibbiyot tadqiqotlari o‘tkazuvchi bo‘limga 100 ming yevro miqdorida xayriya qildi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar bermoqda.

Foto: Google images

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur xayriya pullari Lombardiya viloyatida tarqalgan koronavirusning namunalaridan ilk uchta to‘liq genomini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan bo‘limning tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

Genomlarni tahlil jarayonlari Italiyaga kirib kelgan virus va uning ehtimoliy tarqalish yo‘llarini to‘g‘ri baholashga imkon beradi.

“Inter” Milan shahri bilan chambarchas bog‘liq va favqulodda holat bilan kurashayotgan fidokor Sakko shifoxonasi xodimlari bilan faxrlanadi. Koronavirus bilan bog‘liq qaltis vaziyatning eng boshidanoq biz diqqat va xavotir bilan voqealar rivojini kuzatib boryapmiz. Hammasidan ham eng muhimi bu jamiyatning salomatligi va xavfsizligidir. “Inter” aynan shu sababdan Sakko shifoxanasini qo‘llab-quvvatlashni o‘ z burchi deb hisoblaydi”, — deydi klub prezidenti Stiven Chjan.

4-mart, chorshanba kuni Italiya milliy fuqarolik muhofaazasi xizmati rahbari Anjelo Borelli mamlakatda koronavirus bilan zararlanganlar soni 3 ming kishidan oshgani, 107 nafar kishi infeksiya qurboniga aylangani haqida ma’lum qildi. Bir vaqtning o‘zida virusdan shifo topganlar soni 116 nafardan 276 kishiga yetdi.

Eslatib o‘tamiz, Xitoy hukumati 2019-yilning 31-dekabr kuni Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatning markaziy qismida joylashgan Uxan shahrida paydo bo‘lgan noma‘lum zotiljam haqida xabardor qilgan edi.

Mutaxassislar yuzaga kelgan kasallikni yangi koronavirus sifatida qayd etdi.

Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mazkur virus tarqalishini xalqaro darajadagi favqulodda holat deb baholab, unga rasman COVID-19 deb nom berdi.

So‘nggi ma‘lumotlarga ko‘ra, Xitoy hududida 80 mingdan ziyod kishi kasallikni yuqtirib olgan, 3015 kishi virus qurboniga aylangan, 52 mingdan ziyod kishi sog‘ayishga muvaffaq bo‘lgan. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining so‘nggi ma’lumotiga ko‘ra, Xitoy tashqarisidagi 78 mamlakatda virusdan zararlanganlar soni 14,5 mingdan oshib ketdi, 264 nafar kishi vafot etgan.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!