Qashqadaryolik fuqaro soxta pul yasab, bankdagi qarzdorligini “yopish”ga urindi va javobgarlikka tortildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Kasbi tumanida yashovchi B.A. 8 million 400 ming so‘m soxta pul yasab, bankka 5 million so‘m soxta pul topshiradi. Va kreditdan qarzdorligidan to‘lamoqchi bo‘ladi. Biroq, bank xodimlari pulning soxta ekanligini aniqlab, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar beradi.
Aniqlanishicha, Kasbi tumanidagi xususiy korxona rahbari B.A. 2019-yil 12-noyabr kuni ijara olingan tikuvchilik sexida 172 dona 50 ming so‘mlik kupyuradagi 8 million 600 ming so‘m qalbaki pul yasaydi. 2019-yil 16-noyabr kuni 98 dona 50 ming so‘mlik qalbaki kupyuraga 2 ta haqiqiy 50 ming so‘mlik pul qo‘shib, 5 million so‘mni AT “Xalq banki” tuman filialiga topshiradi va noyabr, dekabr oyi uchun kreditdan yuzaga kelgan qarzdorligini to‘lamoqchi ekanligini bildiradi.
2020-yil 18-fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Kasbi tuman sudi raisi Maxfirat Ochilova mazkur ishni ko‘rib chiqib, soxta pul yasovchi B.A.ga eng kam oylik ish haqining 22 baravari — 4 million 906 ming so‘m jarima jazosini tayinladi.
Eslatib o‘tamiz, bundan avvalroq Koson tumanida yashovchi fuqarolar ham 10 million so‘m soxta pul yasab, bozordan ho‘kiz sotib olishga uringandi.
Izoh (0)