Barchamizga ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus ichida aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish masalasiga davlat siyosati darajasida ahamiyat qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2019 yil 7 iyun kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot–kutubxona xizmati ko‘rsatilishini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi PQ–4354-qarori qabul qilinishi mazkur tashabbusda keltirilgan kitobxonlikning hamda yoshlarning ma’naviy tarbiyasini shakllantirishda mutolaaning ahamiyatini yanada mustahkamlab bermoqda.
Shu munosabat bilan, ishchi–xodimlar, ayniqsa, yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularning intellektual ehtiyojlarini qondirish, sohaga oid bilim hamda ko‘nikmalarini boyitish, shuningdek, madaniy, ma’naviy–axloqiy qadriyatlarni saqlab qolishga qaratilgan axborot manbayini barpo qilish maqsadida, joriy yilning 7-noyabr kuni “Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyatining axborot–kutubxonasi foydalanishga topshirildi.
Mazkur kutubxona fondi 3,500 mingdan ziyod badiiy, tarixiy, siyosiy hamda sohaga oid texnik adabiyotlarga, 1,500 mingdan ziyod elektron nashrlarga ega bo‘lib, unda foydalanuvchilarga barcha imkoniyat hamda shart–sharoitlar yaratib berilgan.
Bundan tashqari, aksiyadorlik jamiyatda, yosh avlod vakillariga viloyat elektr tarmoqlarining rivojlanish tarixi, sohaning yuksalish davrida fidokorona mehnatlari singan insonlar, o‘tgan va hozirgi davr aks etgan ma’lumotlar hamda ko‘rgazmali esponatlar bilan boyitilgan muzey ish faoliyatini boshladi.
Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi, “Farg‘ona kitob olami” ma’rifiy savdo majmuasi rahbariyati, aksiyadorlik jamiyatida uzoq yillar davomida mehnat qilgan faxriylar, viloyat faollari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, shuningdek, viloyat madaniyat boshqarmasi xodimlari ishtirok etishdi.
“Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ matbuot xizmati
Reklama huquqi asosida.
Izoh (0)