3-noyabr – deyarli hamma uchun yaxshi tanish bo‘lgan, dunyoning istalgan joyida va istalgan millat vakili tomonidan darhol tushuniladigan signallardan biri – SOS signali qabul qilingan sana. 1906-yilning shu kunida Xalqaro radiotelegraf konvensiyasiga a’zo mamlakatlar dengizda halokatga uchragan kemalar uchun yordam so‘rash signali sifatida yagona xalqaro signalni qabul qilish haqidagi hujjatni imzoladi. O‘shandan buyon SOS signali kimningdir halokatli ahvolga tushib qolganini ifodalaydigan va u tomonga darhol yordamga oshiqish kerakligini anglatadigan yagona xalqaro signal bo‘lib xizmat qilmoqda. O‘tgan 116 yildan ziyodroq vaqt mobaynida bu halokat signali tufayli qanchadan-qancha odamlarning hayoti saqlab qolingan deysiz...
SOS signalini ko‘pchilik save our souls, ya’ni taxminan “bizning jonimizni qutqaring” qabilidagi xitobning qisqartmasi deb o‘ylaydi. Aslida SOS’ning ushbu gapga umuman aloqasi yo‘q. Bu shunchaki morze alifbosiga ko‘ra ...---... (uchta nuqta – uchta tire – uchta nuqta) ko‘rinishidagi xabarning oddiy alifboga o‘girilgani xolos.
Berlinda o‘sha konvensiya munosabati bilan asr boshida dengizda hukmronlik qilgan yirik flotli mamlakatlar – Buyuk Britaniya, Germaniya, AQSh, Fransiya, Yaponiya va Rossiya qatorida jami 29 mamlakat vakillari yig‘ilgan. Konvensiyaga ko‘ra, bu mamlakatlar va ularning mustamlakalari hududidagi barcha radiostansiyalar dengizdan kelgan SOS signalini favqulodda tartibda, navbatsiz va kechiktirmasdan qabul qilishi hamda uni zudlik bilan qutqaruv bo‘linmalariga, koordinatasiga ko‘ra halokatga uchragan kemaga yaqin joylashgan boshqa istalgan kemalarga yuborishi belgilab qo‘yilgan. Yaqin atrofda halokatga uchragan kemadan SOS signalini qabul qilgan boshqa kemalar ham qaysi davlat bayrog‘i ostida suzayotgani, kimga tegishliligi, kema turi, ortilgan yuk maqomi va hokazo istalgan vajdan qat’iy nazar, o‘sha kemaga yordamga shoshilishi kerakligi qat’iy shart qilib qo‘yildi. SOS yagona xalqaro halokat signali sifatida joriy etilgach, ungacha qo‘llangan boshqa hamma halokat signallari bekor qilindi.
Aytish joizki, radioaloqa amaliyotida SOS yakka o‘zi qo‘llanilmagan. Uni yo‘llashdan avval kema radisti muayyan majburiy signallar guruhini ham yo‘llashi ham kerak edi. Bu majburiy signallarda radist avvaliga “yalpi chaqiruv” ma’nosini beruvchi CQ signalini uch marta bergan, keyin esa kema nomi va undan keyingina SOS signali uzatilgan. Bu signalni esa yoki radist o‘zi yoki “qora kun” uchun avvaldan sozlab qo‘yilgan avtomatik avariya radiouzatgichi yo‘llagan. O‘sha yillari bunday avtomatik uzatgich qurilma barcha kemalarga o‘rnatilishi majburiy bo‘lgan. SOS signali berilgach, radist zudlik bilan yana ketma-ket signallarda kema turgan geografik kenglik va uzunlik koordinatalari haqidagi axborotni yo‘llagan.
Signaldan birinchi bo‘lib “Titanik” kemasi foydalangan degan yanglish qarash mavjud. Biroq konvensiya qabul qilinganidan boshlab “Titanik” halokatigacha bo‘lgan olti yil ichida SOS signali juda ko‘p marta boshqa kemalar tomonidan qo‘llanilgan bo‘lib, ularning aksariyatida ekipaj va yo‘lovchilar aynan shu hammaga tushunarli va oddiy signal tufayli o‘z vaqtida qutqarib qolingan. Xususan, 1909-yilning 11-avgustida AQShga tegishli “Arapaoe” paroxodi Nyu-Yorkdan Jeksonvil tomon yo‘lga chiqqach, ko‘p o‘tmay boshqaruvni yo‘qotgan va uni oqim okeanga olib ketgan. U yo‘llagan SOS signalini Xatteras orolida joylashgan va United Wireless Telegraph Company tashkilotiga qarashli bo‘lgan radiostansiya xodimi qabul qilgan. Olingan signal zudlik bilan o‘sha atrofda bo‘lgan boshqa kemalarga yuborilgan, shuningdek, paroxod tegishli bo‘lgan kompaniya ofisiga yo‘llangan. 1910-yilda “Kentukki” kemasi ham shunga o‘xshash mushkul vaziyatga tushib qolgan. U yo‘llagan SOS signalini unga yaqin joyda bo‘lgan “Alamo” kemasi tutib olgan va yordamga shoshilgan. Shuningdek, 1909-yilda Azor orollari yaqinida qoyatoshlarga urilib pachoqlangan “Slavoniya” kemasi ham SOS halokat signalini bergani haqida ma’lumotlar bor.
Albatta, “Titanik” ham 1912-yilning 15-aprel sanasi tungi soat 00:45 da aynan SOS bilan falokat haqida signal bergan. U ayanchli fojia dengizchilikda SOS signali qo‘llanishi borasida sakkizinchisi bo‘lgan edi.
SOS uchun save our souls qabilidagi kengaytmalar esa keyinchalik paydo bo‘ldi. Shu va shu kabi boshqa kengaytmalarni signalni oson eslab qolish ilinjida bo‘lgan dengizchilar o‘ylab topgan. Xususan, SOS’ning save our souls’dan tashqari, save our ship (“bizning kemamizni qutqaring”); save our spirits (“bizning ruhimizni qutqaring”) ko‘rinishidagi talqinlari ham mavjud.
Undan keyingi yillarda esa SOS qutqaruv signali ko‘plab badiiy va musiqiy asarlar orqali dengizchilikdan yiroq odamlar orasida ham ommalashdi. Xususan, 70-yillarda ABBA guruhining SOS qo‘shig‘i bu signalni birinchilardan bo‘lib kuyga solgan bo‘lsa, Vladimir Visotskiy, Rianna va boshqa qator qo‘shiqchilar ijodida ham aynan shu nomli qo‘shiqlar mavjud. 1930-yillarda esa chexiyalik yozuvchi Yulius Fuchikning “Radist qutisidagi harflar” nomli ertak kitobi ham ushbu signalni ommalashishiga xizmat qilgan. Unda ismlari SOS harflari bilan boshlanuvchi qahramonlar – Slava, Olga va Sasha dunyo bo‘ylab sayohat qilib, halokatga uchragan kemalarga yordam ko‘rsatib, qahramonliklar ko‘rsatib yuradi.
Aytish joizki, 1999-yil 1-fevraldabn e’tiboran dengizda halokatga uchraganlik haqidagi signal sifatida boshqa xalqaro signal – GMDSS (Global Maritime Distress and Safety System) qo‘llanmoqda. Bu halokat signalini avtomatik ravishda uzatuvchi va o‘z ichiga ko‘p sonli sun’iy yo‘ldosh, dengiz va yerusti radioaloqa uskunalarini oladigan yirik xalqaro halokat-qutqaruv tizimi uzatadi va qayta ishlaydi. Shu sababli hozirda xalqaro dengizchilikda SOS signalining qo‘llanishi borgan sari urfdan chiqmoqda. Lekin dengizchilar uzoq yillar davomida o‘rganib, ko‘nikib qolgan ushbu signaldan butunlay voz kechishgani ham yo‘q. Uni butunlay istisno qilishga ham hech kim jur’at qila olmaydi. Chunki barcha uchun tushunarli va oson bo‘lgan SOS signali allaqachon odamlar ongiga singib bo‘lgan. Shunga ko‘ra, signal hali dengizchilikda hech bo‘lmasa muqobil, zaxira signal vositasi sifatida ancha yillar qo‘llansa kerak.
Muzaffar Qosimov
Izoh (0)