Kosonsoy tumani Tergachi qishlog‘idagi Toftuq ota qabristonidan kulolchilik buyumlaridan iborat yangi arxeologik topilmalar topildi. Bu haqda Madaniyat vazirligi xabar qildi.
Topilma 17—21-yanvar kunlari uyushtirilgan ilmiy arxeologik ekspeditsiya davomida qo‘lga kiritilgan.
Eskspeditsiyada Kosonsoy tarixi muzeyi ilmiy xodimlari Muhammadxon Akramov hamda Habibullo Qorayev ishtirok etgan.
Shunisi e’tiborliki, qaysi qabrni kovlashmasin, u yerdan nafis ishlangan ko‘za, xum, kosa kabi sopoldan yasalgan buyumlar topilgan. Bu maskandan shu kungacha topilgan buyumlar soni 50 tadan oshadi, ulardan 36 donasi bizgacha yaxshi holatda yetib kelgan.
Kosonsoy tarix muzeyiga keltirilgan 20 ga yaqin sopoldan yasalgan ko‘zalarning ba’zilari sarg‘ish va ba’zilari qizg‘ish rangda. Bu esa kulollar tomonidan yasalgan buyumlar xumdonda pishirilgani va ba’zilariga esa angob bo‘yog‘ida pardoz berilganini ko‘rish mumkin.
Bu barcha sopol buyumlar turli hajmlarda bo‘lib, tayyorlash usuli va yasalishiga ko‘ra, o‘z davrining hunarmandchiligi rivoji, aholining ulardan ko‘proq uy-ro‘zg‘orda foydalanishga mo‘ljallanganini ko‘rsatadi. Bir necha kichik ko‘zalar nafisligi bilan ham kishi diqqatini o‘ziga jalb etadi. Ularning yon devorlari juda yupqa bo‘lib, 3-4 millimetrni tashkil etadi.
Izoh (0)