O‘zbekiston Qurolli Kuchlari vazirlik va idoralari hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari o‘rtasida o‘q otish sporti bo‘yicha “Milliy olimpiya qo‘mitasi kubogi” musobaqasi o‘tkazildi. Musobaqa O‘zbekiston Mudofaa vazirligi Sport klubining o‘q otish tiri majmuasida tashkil etildi, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.
Yangi yil arafasida o‘tkazilgan musobaqada harbiy xizmatchilar va Qurolli Kuchlar xizmatchilari o‘zlarining merganlik borasidagi mahoratlarini namoyish qildi. Ularni tajribali hakamlar kuzatib, baholab bordi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, MV-9 “A” yo‘nalishida ayollar o‘rtasida Mudofaa vazirligi vakili Aleksandra Yurkevskaya, erkaklar orasida Mudofaa vazirligi vakili Xusniddin Elmurodov g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
PP-1 hamda Mp-5 “A” yo‘nalishlarida esa Mudofaa vazirligi vakillari Larisa Xolmamatova (ayollar o‘rtasida) va podpolkovnik Jahongir Shaymatov (erkaklar orasida) birinchilikni egalladi.
VP-3 yo‘nalishida ayollar o‘rtasida Mudofaa vazirligi vakili Aleksandra Yurkevskaya birinchilikni egallagan bo‘lsa, erkaklar orasida Davlat xavfsizlik xizmati vakili Jahongir Xodjiyev shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
Izoh (0)