Finlyandiyaning Laxti shahrida bo‘lib o‘tayotgan chang‘i sporti bo‘yicha jahon chempionati doirasida venesuelalik chang‘ichi Adrian Solano alohida ajralib turdi va “tarixdagi eng yomon chang‘ichi” nomini olishga ulgurdi.
“Vesti.ru”ning ma’lum qilishicha, “tropiklar o‘g‘loni” qorni birinchi marta musobaqa boshlanishidan 5 soat avval ko‘rgan. Bungacha esa Adrian Solano Venesuelada g‘ildirakli chang‘ilarda, asfalt qoplamada mashg‘ulotlar o‘tagan.
Musobaqa boshlanguniga qadar Adrian Shvetsiyada bir oy mashg‘ulot o‘tashi va Finlyandiyaga vaqtliroq kelishi kerak edi. Biroq u mashg‘ulot joyiga ketish paytida fransuz chegarachilari tomonidan cho‘ntagida 20 yevro bilan Yevropaga noqonuniy kirishda gumon qilinib, deportatsiya qilingandi. Uning takroriy safariga internet foydalanuvchilari pul yig‘ib berdi.Solano Finlyandiyaga musobaqaning o‘ziga yetib keldi. Venesuelalik sportchi 10 kilometrlik masofani oxirigacha bosib o‘tolmadi. U 6,1 kilometrda bahsni yakunladi. Kulgili tuyulgan voqea aslida g‘amgin bo‘lib chiqdi.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)