Rossiya futbol ittifoqi prezidenti, mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari Vitaliy Mutko futbol bo‘yicha JCh–2018 turnirini translyatsiya qilish huquqi qiymati 100 million dollarga teng ekani haqida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
“FIFA jahon chempionatini translyatsiya qilish bo‘yicha tender o‘tkazadi. Rossiya hozircha bu huquqni sotib olmadi. Avval translyatsiya narxi 32 million dollarni tashkil qilgandi, hozir esa 100 million dollar bo‘ldi. Uning ichiga Konfederatsiyalar Kubogi ham kiradi. Fikrimizcha, narx o‘ta yuqori, shu sababli bu masalani FIFA bilan Qozonda, Konfederatsiyalar Kubogiga qur’a tashlash marosimida gaplashib olamiz. Kimdir davlat puliga muhtoj, lekin savdo bozor miqyosida bo‘lishi kerak. Qandaydir yechim topishimiz kerak, buning ustida ishlayapmiz”, – dedi Mutko.
Ma’lumot uchun, jahon chempionati 2018-yilning 14-iyunidan 15-iyuliga qadar, Rossiyaning 11 shahri – Moskva, Sankt-Peterburg, Nijniy Novgorod, Volgograd, Rostov-Don, Samara, Yekaterinburg, Qozon, Kaliningrad, Saransk va Sochida joylashgan 12 stadionda bo‘lib o‘tadi.Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)