Eron vitse-prezidenti, mamlakat atom energiyasi tashkiloti rahbari Ali Akbar Solihiy 2017-yilgi prezidentlik saylovlarida nomzodini qo‘yishni rejalashtirmagan. Bu haqda uning o‘zi Eron axborot agentliklari orqali tarqatilgan ochiq xatida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “TASS”.
“Prezidentlik saylovlaridagi ishtirokim noto‘g‘ri va siyosiy jihatdan nomaqbul bo‘lardi, deb hisoblayman. Meni mazkur lavozimga munosib hisoblaganlarga o‘zimning minnatdorchiligimni bildiraman”, — deya qaroriga izoh berdi nufuzli siyosatchi.
Oldinroq mahalliy OAVda parlamentning bir guruh deputatlari saylov kampaniyasida ishtirok etmasligini bildirgan sobiq prezident Mahmud Ahmadinajod o‘rniga Solihiyni prezident lavozimiga nomzod sifatida ilgari surmoqchi ekanligi to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘lgandi.
Eronda navbatdagi, 12-prezidentlik saylovlari 2017-yil 19-may kuni bo‘lib o‘tadi. Amaldagi prezident Hasan Ruhoniy ikkinchi muddatga o‘z nomzodini qo‘yishi va saylov jarayonining yaqqol yetakchisiga aylanishi ehtimoli yuqori baholanmoqda.
Izoh (0)