Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari “Megi” to‘fonining vayronkor kuchiga qaramay, qiymali kulcha tanovul qilishda davom etgan tayvanlik ayolni memga aylantirdi. Voqeaga BuzzFeed e’tibor qaratdi.
Oxirigacha yeb tugatilmagan qiymali kulcha va singan soyabon bilan to‘fonda qolgan ayolning surati Associated Press muxbiri tomonidan e’lon qilingan.
Muallif suratga shunday izoh qoldirgan: “Tayvanga yopirilgan ‘Megi’ to‘fonining kuchli shamoli ostida ayol ovqatlanmoqda va soyabonini ushlab qolishga urinyapti”.
Surat jahonning qator yetakchi nashrlari sahifalarida qayta e’lon qilindi, so‘ng ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalib ketdi.
Foydalanuvchilar ayolning jasoratiga tan berib, aynan qiymali kulchaning og‘irligi yoki uning ta’mi ayolga muvozanatni saqlab qolishga yordam berdi, deya hazil aralash taxminlarni ilgari surgan.
“Iltimos, ayol qiymali kulchani qaysi do‘kondan sotib olganini aytinglar”, — deb yozadi Facebook foydalanuvchilaridan biri.
Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu suratning karikaturasi ham paydo bo‘ldi. “Siz soyabonni yo‘qotishingiz mumkin. Ammo qiymali kulchani emas!”, — deyiladi suratda.
Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, suratdagi ayolning yoshi 53 da va u bozorda mevalar sotadi. Ayol unga yopirilgan bunday mashhurlikdan xursand emas, biroq OAV uning biznesini tilga olsa, ishlari yaxshilanishiga umid qilmoqda.
Izoh (0)