Hozirda Italiyada yashab, faoliyat olib borayotgan O‘zbekiston terma jamoasining sobiq futbolchisi Ilyos Zeytullayev matbuotda o‘zi haqida tarqalgan xabarlarga izoh berdi. Avvalroq Zeytullayevning yoshi besh yilga kichraytirilgani, bu ish oshkor bo‘lgach, Italiya uni vizadan mahrum qilgani, O‘zbekiston futbol federatsiyasi esa unga nisbatan jazo qo‘llagani haqida xabarlar tarqalgan edi, deb eslatadi “Stadion.uz”.

Ilyos Zeytullayev. Foto: “Tribuna.com”

Ilyos Zeytullayev. Foto: “Tribuna.com”

“Mening yoshim besh yilga emas, ikki yilga kichraytirilgan, buni tan olaman. Lekin bu borada menga nisbatan hech qanday tekshiruv olib borilmadi, hech kim jazo choralarini qo‘llamadi. O‘FFda ham janjal, mojarolar yuz bermadi”, — dedi u.

“Yoshni kichraytirish muammosi faqat O‘zbekistonga taalluqli emas, — so‘zida davom etdi sobiq futbolchi, — bu butun dunyoda qilinadigan ish. Eng yorqin misol — Lusio. Ammo yosh futbolchilarni bu ishga qo‘l urmasliklarini, mening xatolarimni takrorlamasliklarini maslahat bergan bo‘lardim”.

Ilyos Zeytullayev bugungi faoliyatiga ham to‘xtalib o‘tdi:

“Hozirda O‘zbekiston fuqarosiman, Italiyada yashash uchun ruxsatnomam bor. Rasman murabbiylik faoliyati bilan shug‘ullanmoqdaman”.

Zeytullayev faoliyatining asosiy qismini Italiyada o‘tkazgan. U “Yuventus”, “Rejina”, “Verona”, “Peskara”, “Torino” klublarida o‘ynagan. O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida o‘nta o‘yinda maydonga tushib, ikkita gol urgan.