Germaniyaning Nyurnberg shahridagi yangi muzeyda zamonaviy san’at ko‘rgazmasi davomida 91 yoshli ayol suratdagi krossvordga javoblarni yozgani uchun katta mojaro kelib chiqdi. Pensioner ayol hibsga olindi, yetkazilgan zarar esa 80 ming yevroga baholandi, deb xabar bermoqda “Vesti.ru”.
Hibsga olingan ayol politsiya mahkamasiga olib borildi. Huquq-tartibot xodimlarining xatti-harakatlari 91 yoshli ayol istiqomat qiladigan qariyalar uyi tomonidan keskin qoralandi.
“Bizning qaramog‘imizdagi ayol bilan u aqli zaifdek muomalada bo‘ldingiz. Bu ablahona harakat. Bundan tashqari, so‘rovdan so‘ng siz uni yomg‘ir ostida uyga jo‘natib yubordingiz”, – deya ma’lum qildi “Adabiy muloqot” nomli qariyalar uyi vakillari. Shuningdek, qariyalar uyi vakillari ushbu e’tirozlar muzey xodimlariga ham tegishli ekanini bildirdi.
Muzey direktori Yeva Kraus e’tirozlarga javoban, hech kim qariya ayolga nisbatan hurmatsizlik qilishga harakat qilmagani hamda bu voqea haqida politsiyaga murojaat qilmaslikning ilojisi bo‘lmaganini aytdi.
Ayni damda muzey restavratorlari ayol tomonidan ruchka bilan yozilgan yozuvlarni yo‘q qilishga urinmoqda. Politsiya xodimlari esa jinoiy ish qo‘zg‘atdi.
Izoh (0)