AQSh mezbonlik qilayotgan futbol bo‘yicha Amerika Kubogi–2016 turnirining chorak final uchrashuvlari o‘z yakuniga yetdi.
Turnir favoritlaridan biri Argentina terma jamoasi ushbu bosqichda musobaqa sensatsiyasiga aylangan Venesuelaga qarshi bahs olib bordi. Katta tajribaga ega bo‘lgan Xerardo Martino jamoasi 4:1 hisobida zafar quchdi.
O‘yinning 8 va 28-daqiqalarida Gonsalo Iguain raqib darvozasini aniq nishonga olgan bo‘lsa, 60-daqiqada Lionel Messi hisobni yirik ko‘rinishga olib keldi. 70-daqiqada Salomon Rondon hisobni qisqartirishga erishdi, biroq 1 daqiqadan so‘ng Erik Lamela yana gol kiritib, hisobning yirik bo‘lib qolishini ta’minladi.
Shunday qilib, Argentina musobaqaning yarim finaliga chiqdi. Xerardo Martino shogirdlari keyingi bosqichda AQSh futbolchilari bilan bahs olib boradi.
Chorak finalning so‘nggi o‘yinida Meksika terma jamoasi kutilmaganda Chiliga o‘ta yirik hisobda imkoniyatni boy berdi. Eduardo Vargasning pokeri, Edson Puchning dubli va Aleksis Sanchesning goli Chilining 7:0 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi.
Chili yarim finalda Kolumbiya terma jamoasi bilan final yo‘llanmasi uchun kuch sinashadi.
Amerika Kubogi—201619-iyun, yakshanbaChorak final bellashuvlari
Izoh (0)