Bugun, 4-iyun kuni JCh—2018 turniri 3-saralash bahsiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Avstriyaga jo‘nab ketadigan O‘zbekiston milliy terma jamoasi 7-iyun kuni Kanadaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushadi. Mazkur uchrashuv oldidan Kanada termasi Ozarbayjon bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazib, 1:1 hisobida durang qayd etdi.
O‘yinning 43-daqiqasida kanadaliklar hujumchisi Tesho Akindele hisobni ochgan bo‘lsa, 58-daqiqada Dmitriy Nazarov muvozanatni tikladi. Uchrashuvda boshqa gollar kiritilmadi.O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Kanadaga qarshi o‘yin oldidan O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibida o‘zgarishlar yuzaga keldi. Jumladan, Toshkentdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga taklif qilingan “Lokomotiv” a’zosi Sardor Mirzayev safarga chiqish bo‘yicha hujjatlardagi ayrim kamchiliklar tufayli Avstriyaga bora olmaydigan bo‘ldi. “Bunyodkor” klubi hujumchisi Eldor Shomurodov viza olish jarayoni cho‘zilishi munosabati bilan Avstriyaga keyinroq uchadi. Shuningdek, “Paxtakor” yarim himoyachisi Azim Ahmedov jarohat olganligi sababli safardan qoldi va uning o‘rniga “Paxtakor”ning boshqa a’zosi Jamshid Iskanderov taklif etildi.
Qayd etish kerakki, xorij milliy chempionatlarida to‘p surib, mavsumni yaqinda yakunlagan Odil Ahmedov (“Krasnodar”, Rossiya), Vitaliy Denisov (“Lokomotiv” Moskva, Rossiya), Aziz Haydarov (“Ash-Shabab”, BAA), Sardor Rashidov (“Al-Jaish”, Qatar) kabi futbolchilarga kichik ta’til berilgandi. Anzur Ismoilov (“Chanchun Yatai”, Xitoy) esa jarohatini da’volash bilan band.
Eslatib o‘tamiz, 2-iyun kuni avval Qirg‘iziston, keyin Ekvatorial Gvineyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi kerak bo‘lgan O‘zbekiston terma jamoasi yakunda Oliy Liga legionerlari termasiga qarshi bahs yuritdi va 2:2 hisobida durang o‘ynadi.
O‘rtoqlik uchrashuvi
Kanada – Ozarbayjon 1:1 (1:0)
Gollar: Akindele, 43 – Nazarov, 58 (penalti).Mavzuga oid:
Izoh (0)