O‘zbekistonlik tennischi Temur Ismoilov Namangan shahrida davom etayotgan, mukofot jamg‘armasi 25 ming dollardan iborat Namangan International xalqaro tennis turnirining yarim finaliga chiqdi.
Xalqaro tennis federatsiyasi rasmiy saytining ma’lum qilishicha, 21 yoshli o‘zbekistonlik tennischi chorak finalda rossiyalik Vitaliy Kozyukovga qarshi bahs olib bordi. Ikki soat davom etgan bellashuvda 7:6, 6:2 hisobi qayd etilib, Ismoilov foydasiga hal bo‘ldi.
O‘zbekiston vakili bunga qadar hamyurti Pavel Soyni 6:1, 6:4, qozog‘istonlik Denis Yevseyevni 1:6, 7:5, 6:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan edi. Musobaqaning final yo‘llanmasi uchun Temur Ismoilov rossiyalik tennischi Markos Kalovelonis bilan kuch sinashadi.
Avvalroq o‘zbekistonlik tennischilardan Sanjar Fayziyev, Sergey Fomin, Shonig‘mat Shofayziyev, Abror Isoqov, Amal Sultonbekov, Saida’lo Saidkarimov Shohrux Abdumalikov, Baxt Sapayev va Sharobiddin Abzalov yakkalik bahslaridagi ishtirokini yakunlagan edi.
“Sports.uz”ning xabar qilishicha, rossiyalik Aleksey Filenkov bilan tandem hosil qilgan Shonig‘mat Shofayziyev juftliklar bahsi chorak finalida hindistonlik Shahboz Xon va rossiyalik Artur Shaxnubaryan duetini 7:5, 6:4 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, yarim finalga chiqdi. Final yo‘llanmasi uchun bashda Shofayziyev/Filenkov tandemi qozog‘istonlik Temur Xabibulin va belaruslik Yaroslav Shilaga qarshi kortga chiqadi.
Izoh (0)