O‘zbekistonlik tennischilar Nigina Abduraimova va Sabina Sharipova Namangan shahrida davom etayotgan, mukofot jamg‘armasi 25 ming dollarga teng xalqaro tennis turniridagi ishtirokini chorak finalda to‘xtatdi.
Xalqaro tennis federatsiyasi rasmiy saytining ma’lum qilishicha, turnirning birinchi raketkasi sifatida qayd etilgan Abduraimova chorak finalda rossiyalik Viktoriya Kanga qarshi bahs olib borib, 6:2, 4:6, 5:7 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Avvalroq 21 yoshli o‘zbekistonlik tennischi birinchi davrada slovakiyalik Tereza Mixalikovani 6:3, 6:1, ikkinchi davrada esa turkiyalik Ayla Aksuni 6:1, 7:5 hisobida mag‘lubiyatga uchratgandi.
Musobaqada 4-raqam ostida tasniflangan Sabina Sharipova chorak finalda Rossiya vakilasi Olga Doroshina bilan kuch sinashdi. Bir soatu 33 daqiqa davom etgan o‘yinda 6:4, 6:4 hisobi qayd etilib, rossiyalik tennischining foydasiga hal bo‘ldi.
Sharipova chorak finalga qadar hamyurti Arina Folsni 6:2, 6:0 hamda rossiyalik Anna Morginani 7:6, 6:3 hisobida taslim qilgandi.
Qayd etish joiz, Namangan International tennis turnirida o‘zbekistonlik tennischilardan Laylo Bahodirova, Valentina Shleyn, Go‘zal Yusupova, Sarvinoz Saidxo‘jayeva o‘z ishtirokini birinchi davrada yakunlagan edi.
Eslatib o‘tamiz, Nigina Abduraimova esa 23–29-may kunlari Yaponiyada o‘tkazilgan Karuizawa Yonex Open–2016 tennis turnirining chempioniga aylangandi. Sabina Sharipova 23–28-may kunlari Andijonda bo‘lib o‘tgan xalqaro tennis turnirida bosh sovrinni qo‘lga kiritgan edi.
Izoh (0)