Bugun, 27-may kuni “Manchester Yunayted” jamoasi portugaliyalik murabbiy Joze Mourinyoni klubga rasman bosh murabbiy etib tayinladi. Mankunianlar rasmiy sayti 53 yoshli mutaxassisning tayinlanishi borasidagi ilk fikrlarini e’lon qildi.
“‘Manchester Yunayted’ bosh murabbiyi bo‘lish o‘zgacha sharaf. Ushbu klubni butun dunyoda tanishadi va unga muxlislik qilishadi. ‘MYu’da boshqa klublarda kuzatilmaydigan sirlilik va romantika bor. ‘Old Trafford’ga doim yaqin ekanimni his qilardim. Mazkur maydon faoliyatimga bog‘liq bo‘lgan ko‘plab xotiralarga mezbonlik qilgan, uning muxlislari esa yaxshi munosabatda bo‘lgan. Men muxlislar kutayotgan murabbiy bo‘lishga va kelayotgan yillarda ular meni qo‘llab-quvvatlashiga umid qilaman”, – dedi Mourinyo.
Eslatib o‘tamiz, portugaliyalik mutaxassisning so‘nggi ish joyi Londonning “Chelsi” klubi bo‘lgan. U qoniqarsiz natijalari uchun 2015-yilning dekabr oyida “Chelsi” bosh murabbiyligidan ozod etilgandi.
Izoh (0)